5–BOB
Isoning dastlabki shogirdlari
1 Bir kuni Iso Jalila koʻli boʻyida turganda, olomon Xudoning soʻzini eshitish uchun Isoning yonida tirband boʻldi. 2 Iso koʻl qirgʻogʻida turgan ikki qayiqni koʻrdi. Baliqchilar qayiqdan chiqib, toʻrlarini yuvayotgan edilar. 3 Qayiqlardan biri Shimoʻnniki edi. Iso Shimoʻnning qayigʻiga tushib, qirgʻoqdan bir oz nariroq suzib borishni iltimos qildi. Soʻng oʻtirib, oʻsha yerdan odamlarga taʼlim berdi. 4 Iso gapini tugatib, Shimoʻnga dedi:
— Chuqurroq yerga suzib borib, oʻlja uchun toʻrlaringizni tashlanglar.
5 Shimoʻn Isoga shunday dedi:
— Ustoz, biz tun boʻyi astoydil harakat qildik, lekin hech narsa tutolmadik. Ammo Siz aytganingiz uchun toʻr tashlaymiz.
6 Ular toʻr tashlaganlarida, shu qadar koʻp baliq ovladilarki, hatto toʻrlari yirtila boshladi. 7 Ular boshqa qayiqdagi oʻrtoqlariga, yordam beringlar, deb ishora qildilar. Oʻrtoqlari yetib kelgach, ikkala qayiqni ham baliqqa toʻldirdilar, qayiqlar suvga bota boshladi.
8 Shimoʻn buni koʻrdi–da, Isoning oldida tiz choʻkib dedi:
— Hazrat! Mening yonimdan keting, chunki men gunohkor insonman.
9 Shimoʻn va yonidagilar bunday moʻl baliq ovidan hayratga tushgan edilar. 10 Shimoʻnning sheriklari Zabadiyo oʻgʻillari Yoqub bilan Yuhanno ham hayratda edilar.
Iso Shimoʻnga dedi:
— Qoʻrqma, bundan buyon sen insonlarni ovlaysan.
11 Ular qayiqlarini qirgʻoqqa tortdilar va hamma narsalarini qoldirib, Isoga ergashdilar.
Teri kasalligiga chalingan odamni Iso sogʻaytiradi
12 Iso bir shaharda boʻlganda, teri kasalligiga chalingan bir odam kelib qoldi. U Isoni koʻrib, yuz tuban yerga muk tushib, yolvordi:
— Hazrat, bilaman, istasangiz, meni bu kasallikdan poklay olasiz.
13 Iso qoʻlini uzatdi va unga tekkizib:
— Istayman, pok boʻl! — dedi. Kasallik esa oʻsha zahoti ketdi. 14 Iso unga qatʼiyan dedi:
— Bu haqda hech kimga ogʻiz ocha koʻrma. Borib, oʻzingni ruhoniyga koʻrsat. Poklanganingni hammaga isbot qilish uchun Muso amr qilgan qurbonliklarni keltir .
15 Iso toʻgʻrisidagi gap–soʻzlar esa tobora yoyilib boraverdi. Tumonat xaloyiq Uni tinglash va dardlaridan forigʻ boʻlish uchun Uning oldiga yigʻilib kelar edi. 16 U esa koʻpincha kimsasiz joylarga ketib, ibodat qilar edi.
Iso sholni sogʻaytiradi
17 Bir kuni Iso taʼlim berayotganda, Uning tinglovchilari orasida farziylar bilan Tavrot tafsirchilari ham oʻtirgan edilar. Ular Jalila va Yahudiyaning hamma qishloqlaridan, Quddusdan kelgan edilar. Isoda Egamizning xastalarga shifo berish qudrati bor edi . 18 Bir nechta kishi toʻshakda yotgan bir shol odamni koʻtarib keldilar. Uni uyga — Isoning oldiga olib kirishga urindilar. 19 Lekin olomon koʻpligidan buning ilojini topolmay, uyning tomiga chiqib , tomdan teshik ochdilar. Soʻng sholni oʻsha teshikdan toʻshagi bilan olomon oʻrtasiga — Isoning oldiga tushirdilar .
20 Iso ularning ishonchini koʻrib, sholga dedi:
— Birodarim, gunohlaring kechirildi.
21 Tafsirchilar bilan farziylar esa oʻzlaricha shunday mulohaza qila boshladilar: “Kufrlik qilayotgan bu Odam kim oʻzi? Xudodan boshqa hech kim gunohlarni kechira olmaydi–ku!”
22 Iso ularning mulohazalarini bilib, shunday savol berdi:
— Nega bunday narsalarni oʻylaysizlar? 23 Qaysi biri osonroq? Sholga: “Gunohlaring kechirildi!” deb aytishmi, yoki: “Oʻrningdan turib yur!” deb aytishmi? 24 Inson Oʻgʻliga yer yuzida gunohlarni kechirish hokimiyati berilgan. Hozir shuni bilib olasizlar.
Iso shunday dedi–yu, sholga:
— Senga aytaman: oʻrningdan tur! Toʻshagingni olib, uyingga bor! — deb buyurdi.
25 Shol oʻsha zahoti hammaning koʻzi oldida oʻrnidan turdi. Yotgan toʻshagini olib, Xudoni ulugʻlab, uyiga ketdi. 26 Hamma hayratga tushib, Xudoni ulugʻladi. Ular qoʻrquv ichra: “Bugun aql bovar qilmaydigan hodisani koʻrdik”, deb aytardilar.
Iso Levini chaqiradi
27 Shundan soʻng Iso u yerdan chiqib, soliqchi Levini koʻrib qoldi. Levi soliq yigʻadigan joyda oʻtirib, odamlardan soliq yigʻayotgan edi. Iso unga:
— Ortimdan yur! — dedi. 28 Levi oʻrnidan turdi, hamma narsasini qoldirib, Isoga ergashdi.
29 Soʻngra Levi oʻz uyida Isoning sharafiga katta ziyofat berdi. Mehmonlar orasida bir guruh soliqchilar va boshqa odamlar bor edi. 30 Farziylar va farziylarning mazhabidan boʻlgan tafsirchilar norozi boʻlib, Isoning shogirdlariga dedilar:
— Nega sizlar soliqchilaru gunohkorlar bilan birga yeb–ichib oʻtiribsizlar?
31 Iso ularga shunday javob berdi:
— Sogʻlar emas, xastalar tabibga muhtojdir. 32 Men solihlarni emas, gunohkorlarni tavbaga chaqirgani kelganman.
Roʻza tutish haqida savol
33 Baʼzi odamlar Isoga dedilar:
— Mana, Yahyoning shogirdlari farziylarning shogirdlari kabi, tez–tez roʻza tutib, ibodat qilishadi. Sizning shogirdlaringiz esa yeb–ichib yuribdilar!
34 Iso ularga dedi:
— Kuyov davrada boʻlganda toʻyga kelgan mehmonlarni roʻza tutishga majbur qilib boʻlarmidi?! 35 Biroq ular kuyovdan judo boʻladigan kunlar keladi, ana oʻshanda roʻza tutadilar.
36 Iso ularga bir masalni ham aytib berdi:
— Hech kim yangi kiyimdan yirtib olib, eski kiyimga yamoq solmaydi. Aks holda, yangi kiyim ham yirtiladi, yangi kiyimdan olingan yamoq ham eski kiyimga toʻgʻri kelmaydi. 37 Shuningdek, hech kim yangi sharobni eski meshga quymaydi. Chunki yangi sharob meshni yorib yuboradi , sharob toʻkiladi, mesh ham nobud boʻladi. 38 Aksincha, yangi sharobni yangi meshga quymoq darkor . 39 Eski sharobdan ichgan odam yangi sharobni istamaydi. “Eskisi yaxshi”, deb aytadi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020