11–BOB
Lazarning oʻlimi
1 Baytaniya qishlogʻida Lazar ismli bir odam kasal boʻlib yotgan edi. Maryam va uning opasi Marta ham shu qishloqda yashar edilar. 2 Keyinchalik Rabbimiz Isoga atir moy surtgan va Uning oyoqlarini sochi bilan artib quritgan oʻsha Maryam edi . Kasal yotgan Lazar esa Maryamning akasi edi.
3 Opa–singil Isoga:
— Hazrat, Sizning aziz doʻstingiz kasal, — degan xabar yuborishdi. 4 Iso buni eshitib, shunday dedi:
— Bu kasallik oʻlim bilan yakunlanmaydi, balki Xudoning ulugʻlanishiga va shu orqali Xudo Oʻgʻlining ulugʻlanishiga sabab boʻladi.
5 Iso Martani, uning singlisini va Lazarni yaxshi koʻrar edi. 6 Ammo Lazarning xasta ekanini bilsa ham, turgan joyida yana ikki kun qoldi. 7 Shundan soʻng U shogirdlariga:
— Yahudiyaga qaytib boraylik, — dedi.
8 Shogirdlari esa shunday dedilar:
— Ustoz, yaqindagina yahudiylar Sizni toshboʻron qilmoqchi edilar–ku! Endi yana u yerga bormoqchimisiz?
9 Iso javob berdi:
— Kunduz oʻn ikki soatdan iborat emasmi?! Kim kunduzi yursa, qoqilmaydi, chunki bu dunyoning nurini koʻradi. 10 Kechasi yurgan esa qoqiladi, chunki uning oʻzida nur yoʻq.
11 Bu soʻzlarini aytib boʻlib, ularga yana dedi:
— Doʻstimiz Lazar uxlab qoldi. Men uni uygʻotgani ketyapman.
12 — Hazrat, agar uxlayotgan boʻlsa, tuzalib ketadi, — dedi shogirdlari.
13 Iso Lazarning oʻlimini nazarda tutgan edi. Shogirdlar esa Iso odatdagi uyqu toʻgʻrisida gapirdi, deb oʻyladilar. 14 Keyin Iso ularga ochigʻini aytdi:
— Lazar vafot etdi. 15 Men uning yonida boʻlmaganimdan xursandman, chunki bu vaziyat sizlarning ishonishingizga imkon beradi. Qani, endi uning oldiga boraylik.
16 Shunda Toʻma, yaʼni Didimus boshqa shogirdlarga:
— Qani, yuringlar, biz ham Iso bilan oʻlamiz! — dedi.
Iso — tiriklik manbai
17 Iso u yerga yetib borib bildiki, Lazarning qabrga qoʻyilganiga toʻrt kun boʻlgan ekan. 18 Baytaniya qishlogʻi Quddusdan bor–yoʻgʻi uch chaqirimcha masofada joylashgan edi. 19 Quddusdagi koʻp yahudiylar Marta bilan Maryamning oldiga akasining vafoti munosabati ila tasalli berish uchun borgan edilar. 20 Marta Isoning kelayotganini eshitib, Uni kutib olgani chiqdi. Maryam esa uyda qoldi.
21 — Hazrat! — dedi Marta Isoga. — Agar Siz bu yerda boʻlganingizda edi, akam oʻlmagan boʻlardi. 22 Ammo hozir ham bilaman, Siz Xudodan nima soʻrasangiz, Xudo Sizga beradi.
23 — Sening akang tiriladi, — dedi Iso.
24 — Bilaman, oxiratda oʻliklar tirilganda tiriladi, — dedi Marta. 25 Iso unga dedi:
— Men tirilish va hayotdirman. Menga ishongan odam oʻlsa ham yashaydi. 26 Kimda–kim Menga ishonib yashasa, to abad oʻlmaydi. Bunga ishonasanmi?
27 — Ha, Hazrat, — dedi Marta, — Siz dunyoga keladigan Masih, Xudoning Oʻgʻli ekaningizga ishonaman.
28 Marta shunday dedi–yu, borib singlisi Maryamni chaqirdi. Unga sekingina dedi:
— Ustoz shu yerda, U seni chaqiryapti.
29 Maryam buni eshitgach, shoshib oʻrnidan turdi–da, Isoning oldiga ketdi. 30 Iso hali qishloqqa kirmagan, hanuz Marta Uni kutib olgan joyda edi. 31 Maryam bilan uyda boʻlgan va unga tasalli berayotgan odamlar uning shoshilib oʻrnidan turib tashqariga chiqqanini koʻrishdi. Maryam yigʻi–sigʻi qilgani qabrga ketyapti, deb oʻylab, uning orqasidan ketishdi.
32 Maryam Iso turgan yerga yetib kelib, Uni koʻrdi–yu, oyogʻiga yiqilib dedi:
— Hazrat! Agar Siz shu yerda boʻlganingizda edi, mening akam oʻlmagan boʻlardi!
33 Maryam ham, u bilan kelganlar ham yigʻlayotgan edilar. Iso buni koʻrib, qattiq iztirobga tushdi, koʻngli oʻrtanib ketdi.
34 — Uni qayerga qoʻydingizlar? — deb soʻradi.
— Yuring, Hazrat, koʻrasiz! — dedilar.
35 Isoning koʻzlaridan duv–duv yosh oqdi. 36 Oʻsha yerdagi odamlar:
— Qaranglar, uni qanchalik yaxshi koʻrar ekan! — deyishdi. 37 Ulardan baʼzilari esa shunday deyishdi:
— U koʻrning koʻzlarini ochgan. Lazarni ham oʻlimdan olib qolsa boʻlmasmidi?!
Iso Lazarni tiriltiradi
38 Iso tagʻin qattiq iztirob chekib, qabr oldiga keldi. Qabr bir gʻor boʻlib, ogʻzi tosh bilan yopilgan edi. 39 Iso:
— Toshni olib tashlanglar! — dedi. Marhumning singlisi Marta Unga dedi:
— Hazrat, jasad hidlanib qolgan–ku! Axir, qabrga qoʻyilganiga toʻrt kun boʻldi!
40 — Agar ishonsang, Xudoning ulugʻvorligini koʻrasan, deb senga aytmaganmidim?! — dedi Iso.
41 Toshni olib tashladilar. Iso esa osmonga koʻz tikib, dedi:
— Ey Ota! Meni eshitganing uchun Senga shukurlar aytaman. 42 Sen Meni doimo eshitishingni bilaman. Lekin bu soʻzlarni shu yerda turgan xalq uchun aytyapman, toki Meni Sen yuborganingga ular ishonsin.
43 Shunday dedi–yu, baland ovoz bilan xitob qildi:
— Lazar, tashqariga chiq!
44 Shu payt qoʻlu oyoqlari kafanlangan, yuzi roʻmol bilan oʻralgan marhum chiqib keldi.
— Kafanini yechinglar, uni qoʻyib yuboringlar, — dedi Iso odamlarga.
Isoni oʻldirish rejasi
45 Maryamni yoʻqlagani kelgan odamlarning koʻpchiligi Isoning qilgan ishini koʻrib, Unga ishonishdi. 46 Ammo baʼzilari farziylarning oldiga borib, Isoning qilganlarini aytib berishdi.
47 Shundan keyin bosh ruhoniylar va farziylar Oliy kengash chaqirib, deyishdi:
— Nima qilamiz? Bu Odam juda koʻp moʻjizali alomatlar koʻrsatib yuribdi–ku! 48 Buni davom etishiga yoʻl qoʻysak, hamma Unga ishonib ketadi. Rimliklar kelib, Maʼbadimizni ham, xalqimizni ham xonavayron qiladilar.
49 Ulardan biri, oʻsha yili oliy ruhoniy boʻlgan Kayafas soʻz oldi:
— Sizlar hech narsani bilmaysizlar! 50 Butun xalq halok boʻlgandan koʻra, bitta odamning xalq uchun oʻlishi oʻzingiz uchun yaxshiroq–ku! Nahotki buni tushunmasangizlar?!
51 Bu soʻzlarni u oʻzidan–oʻzi aytmagan edi. Balki oʻsha yili oliy ruhoniy sifatida Isoning xalq uchun oʻlishini bashorat qilgan edi. 52 Iso nafaqat yahudiy xalqi uchun, balki Xudoning tarqoq boʻlgan hamma farzandlarini birlashtirish uchun oʻlishi kerak edi.
53 Shunday qilib, oʻsha kundan boshlab, Isoni oʻldirishga til biriktirdilar. 54 Iso esa endi yahudiylar orasida ochiqchasiga yurmaydigan boʻldi. U choʻl yaqinidagi Efrayim shahriga borib, Oʻz shogirdlari bilan oʻsha yerda qoldi.
55 Yahudiylarning Fisih bayrami yaqinlashayotgan edi. Mamlakatning hamma tomonidan odamlar bayramdan oldin poklanish uchun Quddusga borishdi. 56 Shu vaqtda Isoni izladilar. Maʼbadda yigʻilib turganlar oʻzaro: “Nima deb oʻylaysizlar? U bayramga keladimi?” deb soʻrashdi. 57 Bosh ruhoniylar va farziylar esa Isoni qoʻlga olmoqchi boʻlib, shunday buyruq bergan edilar: “Kim Isoning qayerdaligini bilib qolsa, xabar qilsin.”
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020