13–BOB
Sevgi — eng oliy xislat
1 Agar men insonlarning va farishtalarning tillarida gapirsam–u, lekin sevgim boʻlmasa, jaranglaydigan mis cholgʻu, yangraydigan zil boʻlib qolaman. 2 Agar menda Xudoning soʻzini yetkazish inʼomi boʻlsa, butun sirlardan voqif boʻlib, har qanday bilimga ega boʻlsam, agar togʻlarni koʻchiradigan imonga ega boʻlsam–u, lekin sevgim boʻlmasa, men hech narsaga arzimas inson boʻlib qolaman. 3 Bor mulkimni muhtojlarga taqsimlab bersam, menga sharaf keltirsin deb, hatto qiynoqlarga rozi boʻlsam–da , lekin sevgim boʻlmasa, bularning menga foydasi yoʻq.
4 Sevgi sabr–toqatli va mehribondir. Sevgi hasad qilmaydi, maqtanmaydi, kekkaymaydi. 5 Sevgi odobsizlik qilmaydi, xudbinlik qilmaydi, achchiqlanmaydi, kek saqlamaydi. 6 Sevgi nohaqlikdan sevinmaydi, aksincha, haqiqat qaror topganda shodlanadi. 7 Sevgi har narsani koʻtaradi, hech qachon ishonchini yoʻqotmaydi, har qanday sharoitda umid saqlaydi, har narsaga toqat qiladi.
8 Xudoning soʻzini yetkazish inʼomi ham, nomaʼlum tillarda gapirish inʼomi ham yoʻq boʻladi, bilim ham bartaraf boʻladi. Sevgi esa aslo ado boʻlmaydi. 9 Mana, hozir bilimimiz toʻliq emas, Xudoning soʻzini yetkazish qobiliyatimiz ham cheklangan. 10 Kamolot zohir boʻlganda esa toʻliqsiz narsalar bartaraf boʻladi. 11 Bolalik paytlarimda men bola kabi gapirardim, bola kabi fikr qilardim, bola kabi mulohaza qilar edim. Voyaga yetgach, bolalikni tashladim. 12 Shu singari, biz hozir xira oyna orqali koʻrganday boʻlyapmiz, ammo vaqti kelganda aniq koʻramiz. Hozirgi bilganlarim toʻliq emas. Oʻsha paytda esa Xudo meni toʻliq bilgani kabi men ham hamma narsani toʻliq tushunaman.
13 Mana bu uch narsa bor: ishonch, umid va sevgi. Sevgi esa eng aʼlosidir.