21–BOB
Yangi yeru osmon
1 Shundan keyin men yangi bir osmon va yangi bir yerni koʻrdim. Avvalgi yeru osmon gʻoyib boʻlgan edi, dengiz ham endi yoʻq edi. 2 Men muqaddas shahar — yangi Quddusni koʻrdim. Quddus samodan, Xudo huzuridan tushib kelayotgan edi. U kuyovi uchun bezanib olgan kelinchakka oʻxshar edi. 3 Men taxtdan baland bir ovoz kelganini eshitdim. Oʻsha ovoz dedi:
“Xudoning maskani insonlar orasidadir!
U endi odamlar orasida yashaydi,
Ular Xudoning xalqi boʻladilar.
Xudoning Oʻzi ular bilan birga boʻladi.
4 Xudo ularning koʻzidagi har bir tomchi yoshni artib qoʻyadi.
Endi oʻlim mavjud boʻlmaydi,
Hech kim qaygʻurmaydi, yigʻlamaydi, azob chekmaydi.
Zero, avvalgilar oʻtib ketdi.”
5 Taxtda oʻtirgan Zot shunday dedi: “Mana, Men hammasini yangi qilib yaratyapman!” Keyin U menga dedi: “Bularni yozib qoʻy. Axir, bu soʻzlar ishonchli va toʻgʻridir!” 6 Soʻng menga yana dedi: “Amalga oshdi! Ibtido va Intiho , Boshi va Poyoni Oʻzimman. Chanqaganga Men buloqdagi hayotbaxsh suvdan ichiraman. Buning evaziga u hech qanday toʻlov bermaydi. 7 Gʻolib kelganlarga bu barakalar nasib boʻladi. Men uning Xudosi boʻlaman, u Mening oʻgʻlim boʻladi. 8 Ammo qoʻrqoq, imondan qaytgan, iflos, qotil, buzuq, jodugar, butparast va hamma yolgʻonchilarning qismati olov va oltingugurt bilan yonayotgan koʻldadir. Bu ikkinchi oʻlimdir .”
Yangi Quddus
9 Shu payt men oxirgi yetti baloga toʻldirilgan yettita kosani ushlagan yetti farishtadan birini koʻrdim. U oldimga kelib, menga dedi: “Bu yoqqa kel! Men senga kelinni, Qoʻzining xotinini koʻrsataman.”
10 Muqaddas Ruh meni qamrab oldi va farishta meni baland bir togʻning choʻqqisiga olib chiqdi. U menga samodan, Xudo huzuridan tushayotgan muqaddas shahar — Quddusni koʻrsatdi. 11 Shahar Xudoning ulugʻvorligiga toʻlib, qimmatbaho javohirday, billur kabi musaffo boʻlgan yashma toshiday yarqirardi. 12 Qalin va baland devor bilan oʻralgan bu shaharning oʻn ikki darvozasi bor edi. Har bir darvozani bittadan farishta qoʻriqlardi. Darvozalarda Isroil xalqining oʻn ikki qabilasi nomlari yozilgandi. 13 Darvozalarning uchtasi sharqda, uchtasi shimolda, uchtasi janubda va uchtasi gʻarbda joylashgan edi. 14 Shahar devorlarining oʻn ikkita poydevori bor edi. Poydevorlarga Qoʻzining oʻn ikki havoriysi ismlari yozilgandi.
15 Menga gapirgan farishtaning qoʻlida oltin chizgʻichi bor edi. Bu chizgʻich shaharni, uning darvozalariyu devorini oʻlchash uchun edi. 16 Shahar toʻrtburchak shaklda boʻlib, uzunligi bilan eni bir xil edi. Farishta chizgʻichi bilan shaharni oʻlchadi, shaharning eni 12.000 oʻq otimi ekan. Uning uzunligi bilan balandligi ham shunday edi. 17 Soʻng farishta shaharning devorini oʻlchadi. Devorning balandligi 144 tirsak chiqdi. Farishta insoniy oʻlchovdan foydalangandi. 18 Shahar devori yashma toshidan qurilgandi. Shaharning oʻzi esa shishaday tiniq, sof oltindan edi. 19 Shahar devorlarining poydevorlari turli qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan edi: birinchi poydevor yashmadan, ikkinchisi koʻk yoqutdan, uchinchisi agatdan, toʻrtinchisi zumraddan edi. 20 Beshinchisi aqiq, oltinchisi laʼl, yettinchisi xrizolit, sakkizinchisi berill, toʻqqizinchisi topaz, oʻninchisi zabarjad, oʻn birinchisi lojuvard, oʻn ikkinchisi ametistdan edi. 21 Oʻn ikki darvoza oʻn ikki marvariddan iborat edi. Har bir darvoza bitta marvariddan yasalgan edi. Shaharning shoh koʻchasi sof oltindan boʻlib, shishaday musaffo edi.
22 Men bu shaharda Maʼbad koʻrmadim. Zotan, Qodir Xudo — Egamizning Oʻzi va Qoʻzi shaharning Maʼbadidir. 23 Shaharni yoritish uchun quyoshga yoki oyga ehtiyoj ham yoʻq. Chunki Xudoning ulugʻvorligi uni yoritadi, Qoʻzining Oʻzi uning chirogʻi boʻladi. 24 Xalqlar shaharning nurida yurishadi. Yer yuzi shohlari unga oʻz boyliklarini keltirishadi. 25 Shahar darvozalari kun boʻyi yopilmaydi, u yerda tun boʻlmaydi. 26 Xalqlarning ulugʻvor xazinalari unga kiritiladi. 27 Lekin hech qanday harom narsa, jirkanch ishlar qiladigan yoki yolgʻon gapiradigan bironta kishi unga kirmaydi. Faqat Qoʻzining hayot kitobida yozilganlar kiradilar.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020