20–BOB
Kadeshdagi voqealar
1 Birinchi oyda butun Isroil jamoasi Zin choʻliga yetib keldi va Kadeshda oʻrnashdi. Maryam oʻsha yerda vafot etib, dafn qilindi.
2 U yerda jamoa uchun ichishga suv yoʻq edi. Shu sababli xalq Muso bilan Horunga qarshi yigʻilib, 3 Musoga taʼna qila boshlashdi:
— Biz ham qarindoshlarimiz bilan birga Egamiz oldida qirilib ketsak boʻlmasmidi–ya! 4 Nimaga sizlar Egamizning jamoasini mana shu sahroga olib keldingizlar? Biz mol–holimiz bilan birga qirilib ketishimiz uchunmi?! 5 Nimaga bizni Misrdan olib chiqib, mana shu kasofat joyga olib keldingizlar oʻzi? Bu yerda ekin ekib boʻlmasa, birorta anjir daraxti, uzum yoki anorlar boʻlmasa. Bu yerda hatto ichishga suv ham topib boʻlmaydi–ku!
6 Muso bilan Horun jamoa oldidan ketishdi. Ular Uchrashuv chodiri kiraverishiga borib, muk tushishdi. Shunda Egamiz ulugʻvorligini ularga zohir qildi. 7 Egamiz Musoga dedi:
8 — Tayogʻingni ol. Akang Horun bilan birgalikda jamoani yigʻinglar. Soʻng jamoaning koʻzi oldida qoyaga buyruq beringlar. Shunda qoyadan suv chiqadi. Shu yoʻsinda sizlar qoyadan suv chiqarib, jamoaga ham, ularning mollariga ham suv berasizlar.
9 Muso Egamizning aytganini qilib, Egamiz huzuridagi tayoqni oldi. 10 Soʻng Muso bilan Horun jamoani qoya yoniga yigʻishdi. Muso ularga:
— Quloq solinglar, ey isyonchilar! Mana shu qoyadan biz sizlarga suv chiqarib berishimiz kerakmi? — dedi.
11 Muso qoʻlini koʻtarib, qoyaga tayogʻi bilan ikki marta urgan edi, qoyadan sharillab suv oqdi. Jamoaning oʻzi ham, ularning mollari ham suv ichdi.
12 Shunda Muso bilan Horunga Egamiz dedi:
— Menga yetarlicha ishonmaganingiz uchun, Isroil xalqiga Mening muqaddasligimni namoyon qilmaganingiz uchun bu jamoani Men ularga beradigan yurtga sizlar boshlab kirmaysiz.
13 Isroil xalqi bu yerda Egamizdan noligani uchun bu joy Mariva deb nom oldi. Oʻsha joyda Egamiz Isroil xalqiga Oʻzining muqaddasligini namoyon qildi.
Isroil xalqi oʻtib ketishiga Edom shohi ijozat bermaydi
14 Muso Kadeshdan Edom shohiga choparlar orqali quyidagi mazmunda bir xabar joʻnatdi:

“Biz, Isroil xalqi, sizning jigaringizmiz . Bizning boshimizga tushgan kulfatlardan sizlar xabardorsiz. 15 Bizning otalarimiz Misrga koʻchib borgan edilar. Biz Misrda uzoq vaqt yashadik. Misrliklar otalarimizga ham, bizga ham zulm oʻtkazishdi. 16 Keyin biz Egamizga yolvorib iltijo qilgan edik, U bizning iltijoimizni eshitdi. U farishtasini joʻnatib, bizni Misrdan olib chiqdi. Mana endi biz Kadeshda — yurtingiz chegarasidagi shaharda turibmiz. 17 Bizga yurtingiz orqali oʻtib ketishga ijozat bersangiz. Biz ekinzorlaringiz va uzumzorlaringizga kirmaymiz, quduqlaringiz suvidan ichmaymiz. Sizning yurtingizdan oʻtib ketgunimizcha, faqat Shoh yoʻlidan yuramiz, yoʻldan oʻngga ham, chapga ham chiqmaymiz.”

18 Lekin Edom shohi Musoga:

“Mening yurtimdan oʻta koʻrma, aks holda, ustingga qilich yalangʻochlab bostirib boraman”, deb javob yubordi.

19 Isroil xalqi esa Edom shohidan iltimos qildi:

“Biz katta yoʻldan ketamiz. Agar suvingizdan oʻzimiz yoki mollarimiz ichsa, haqini toʻlaymiz. Biz bor–yoʻgʻi yurtingizdan oʻtib ketmoqchimiz, xolos.”

20 Lekin Edom shohi:

“Oʻtmaysizlar!” deb turib oldi.

U Isroil xalqiga qarshi tish–tirnogʻigacha qurollangan katta lashkarini boshlab chiqdi. 21 Xullas, Edom shohi Isroil xalqiga oʻz yurtidan oʻtib ketishga ijozat bermadi. Isroil xalqi Edom yurtini chetlab oʻtib ketdi.
Horunning oʻlimi
22 Butun Isroil jamoasi Kadeshdan joʻnab, Xoʻr togʻiga yetib keldi. 23 Egamiz Muso bilan Horunga Xoʻr togʻida — Edom yurti chegarasida shunday dedi:
24 — Horunning bu olamdan koʻz yumadigan vaqti keldi. Men Isroil xalqiga beradigan yurtga u kirmaydi. Chunki sizlar ikkovingiz Mariva suvlari boʻyida Mening amrimga qarshi chiqdingizlar. 25 Endi sen Horun bilan uning oʻgʻli Elazarni Xoʻr togʻiga boshlab chiq. 26 Horunning ustidan ruhoniylik kiyimlarini yechib olib, oʻgʻli Elazarga kiygiz. Horun oʻsha yerda vafot etadi.
27 Muso Egamiz amr berganday qildi. Uchalovi Xoʻr togʻiga chiqishdi, butun jamoa buni koʻrib turdi. 28 Muso Horunning ustidan kiyimlarini yechib olib, uning oʻgʻli Elazarga kiygizdi. Horun oʻsha yerda — togʻ tepasida vafot etdi. Shundan soʻng Muso bilan Elazar togʻdan qaytib tushishdi. 29 Butun jamoa Horunning vafot etganini bildi. Jamiki Isroil xalqi Horun uchun oʻttiz kun aza tutdi.