5–BOB
Oltinchi vahiy: uchayotgan oʻrama qogʻoz
1 Men yana tepaga qarab uchayotgan oʻrama bir qogʻozni koʻrdim. 2 Farishta mendan:
— Nima koʻryapsan? — deb soʻradi. Men:
— Uchib ketayotgan oʻrama bir qogʻozni koʻryapman, uning uzunligi yigirma tirsak, eni esa oʻn tirsak , — deb javob berdim.
3 Shunda u menga dedi:
— Bu qogʻozga butun yurt ustiga keladigan laʼnat yozilgan. Qogʻozning bir tomonidagi yozuvga koʻra, oʻgʻrilik qilganlar, orqa tomonidagi yozuvga koʻra, yolgʻon qasam ichganlar yurtdan yoʻq qilinadi. 4 Sarvari Olam aytmoqda: “Bu laʼnatni Men yubordim, u oʻgʻrining uyiga kiradi. Kim Mening nomim bilan yolgʻon qasam ichsa, oʻshaning uyiga kiradi. Laʼnat oʻsha uyda boʻlib, uni tosh va sinchlariga qoʻshib, butunlay vayron qiladi.”
Yettinchi vahiy: savat ichidagi ayol
5 Men bilan gaplashgan farishta kelib, menga shunday dedi:
— Qara–chi, kelayotgan narsa nima ekan.
6 Men:
— U nima? — deb soʻradim. Farishta:
— Bu kelayotgan narsa savatdir, — deb javob berdi. — Yurtdagi jamiki aholining niyatu muddaolarini bildiruvchi timsol oʻsha savat ichidadir.
7 Qoʻrgʻoshindan yasalgan qopqoq ochildi, savatning ichida esa bir ayol oʻtirgan ekan. 8 Farishta dedi:
— Bu ayolning ismi Fosiqlik.
Shunday deb, u ayolni qaytarib savatga tiqib qoʻydi–da, qopqogʻini yopdi.
9 Men yana tepaga qarab, ikkita ayol uchib kelayotganini koʻrdim. Ular qanotlarini shamolda yoygan holda uchib kelayotgan edilar, qanotlari turnaning qanotlariga oʻxshar edi. Ular kelib oʻsha savatni oldilar–da, osmonga koʻtarib olib ketdilar. 10 Men bilan gaplashayotgan farishtadan soʻradim:
— Ular savatni qayerga olib ketishyapti?
11 U menga:
— Bobil yurtiga olib ketishyapti, — deb javob berdi. — Oʻsha yerda unga sajdagoh qurishadi. Sajdagoh tayyor boʻlgandan keyin, savatni oʻsha yerda oʻz joyiga qoʻyishadi.