4–BOB
Beshinchi vahiy: chiroqpoya va ikkita zaytun daraxti
1 Men bilan gaplashgan farishta qaytib kelib, xuddi meni uyqudan uygʻotganday qilib turgʻizdi. 2 U mendan:
— Nima koʻryapsan? — deb soʻradi. Men shunday javob berdim:
— Tilladan yasalgan bir chiroqpoyani koʻryapman, uning ustida moy uchun bir tovoq turibdi. Chiroqpoyada esa yettita moychiroq turibdi. U moychiroqlarning har birida yettitadan joʻmragi bor. 3 Chiroqpoyaning oldida ikkita zaytun daraxti bor. Bu daraxtlarning biri chiroqpoyaning oʻng tomonida, ikkinchisi esa chap tomonida turibdi.
4 Men bilan gaplashgan farishtadan soʻradim:
— Bular nima, ey toʻram?
5 U mendan:
— Nimaligini bilmaysanmi? — deb soʻradi. Men:
— Yoʻq, toʻram, — deb javob berdim.

6 U menga shunday dedi:
— Quyidagilar Egamizning Zarubabelga bergan xabaridir: “Qudrat bilan emas, kuch bilan emas, Mening Ruhim ila muvaffaqiyatga erishasan, — deydi Sarvari Olam. 7 — Ey baland togʻ , sen nima boʻlibsan?! Zarubabel oldida sen tekislik boʻlasan. Zarubabel Mening uyimni qayta quradi, uning eng oxirgi toshini qoʻyadi. Shundan keyin butun xalq: «Xudo marhamat qilsin!» deb hayqiradi.”
8 Yana Egamiz menga quyidagi soʻzini ayon qildi: 9 “Zarubabel oʻz qoʻllari bilan uyimning poydevorini yotqizdi. Qurilishni ham oʻzi tugatadi. Ana shunda Men, Sarvari Olam, seni yuborganimni xalq anglab oladi. 10 Qurilishning boshlanishi arzimasday koʻrinsa ham, koʻnglingiz choʻkmasin! Zero, Mening koʻzlarim, yaʼni Egangizning yettita koʻzi Zarubabelning qoʻlidagi yozuv oʻyilgan toshga xursandchilik bilan qaraydi.”

Shunda Farishta menga dedi:
— Sen koʻrgan yettita moychiroq butun yer yuziga qarab turuvchi Egamizning yettita koʻzidir.
11 Men farishtadan soʻradim:
— Chiroqpoyaning oʻng va chap tomonida turgan zaytun daraxtlarining maʼnosi nima? 12 Oltin novlari orqali tillasimon moy oqayotgan zaytun daraxtlarining ikki shoxi nimani bildiradi?
13 U mendan:
— Bilmaysanmi? — deb soʻradi. Men:
— Yoʻq, toʻram, — deb javob berdim. 14 U shunday dedi:
— Bular boshiga moy surtib tanlangan, butun olamning Rabbiysi oldida xizmat qiladigan ikki zotdir .