6–BOB
Masih bilan oʻlib, tirilamiz
1 Xoʻsh, nima deylik? Inoyat koʻpayaversin deb, gunoh qilishda davom etaveramizmi? Yoʻq, aslo! 2 Biz gunoh uchun oʻlganmiz. Endi qanday qilib gunoh qilib yashayveramiz? 3 Unutmanglar, choʻmdirilish orqali biz — Masihga tegishli boʻlganlar Uning oʻlimiga sherik boʻldik! 4 Biz suvga choʻmdirilib, Masih bilan birga oʻldik va koʻmildik. Otamiz Xudoning ulugʻvor qudrati bilan Iso Masih oʻlikdan tirilganiday, biz ham yangi hayotga ega boʻlamiz. 5 Biz choʻmdirilib, Iso Masihning oʻlimiga sherik boʻlgan boʻlsak, albatta Uning oʻlikdan tirilishiga ham sherik boʻlamiz.
6 Biz bilamizki, eski oʻzligimiz Masih bilan birga xochga mixlangani uchun, gunohga berilgan bu vujudimiz yoʻq qilindi. Endi biz gunohga qul emasmiz. 7 Axir, oʻlgan odam gunohning amri ostida emas–ku! 8 Agar biz Masih bilan birga oʻlgan boʻlsak, U bilan yashashimizga ham ishonchimiz komil.
9 Biz bilamizki, Masih oʻlikdan tirilgani uchun U endi boshqa oʻlmaydi, oʻlim endi Unga hokim boʻla olmaydi. 10 Masih oʻlgani uchun gunoh endi Unga oʻz taʼsirini koʻrsata olmaydi, Uning yangi hayoti Xudoga shuhrat keltiradi. 11 Shuning uchun sizlar oʻzingizni gunoh oldida oʻlik deb hisoblang. Endi Iso Masih tufayli Xudoga shuhrat keltirib yashashingiz kerak.
12 Shunday qilib, endi gunoh sizlarning foniy tanalaringiz ustidan hokimlik qilmasin, xudbin istaklaringizga itoat etmanglar. 13 Tanangizning hech bir aʼzosini yomonlik quroli qilib, gunohning izmiga topshirmanglar. Aksincha, oʻzingizni Xudoning izmiga topshiringlar, chunki sizlar oldin oʻlik edingizlar, endi esa yangi hayotga egasizlar. Sizlarning tanangiz Xudoning solihlik quroli boʻlsin. 14 Gunoh sizlarning ustingizdan hukmron boʻlmaydi, chunki sizlar endi qonun ostida emas, balki inoyat panohidasizlar.
Solihlikka qul boʻlish haqida
15 Xoʻsh, buyogʻi endi nima boʻladi? Qonun ostida emas, inoyat panohida boʻlganimiz uchun gunoh qilaveraylikmi? Yoʻq, aslo! 16 Bilasizlar–ku, siz oʻzingizni itoatkor qul qilib kimning izmiga topshirsangizlar, oʻshaning quli boʻlasizlar. Sizlar kimga boʻysunasizlar? Oʻlimga olib boruvchi gunohgami yoki solihlikka yetaklovchi itoatkorlikkami? 17 Ammo Xudoga shukurki, sizlar oldin gunohga qul boʻlsangiz ham, endi sizlarga oʻrgatilgan taʼlimotga sidqidildan amal qilyapsizlar. 18 Sizlar endi gunohning changalidan ozod qilinib, solihlikning quli boʻlib qoldingizlar.
19 Inson ongi zaif boʻlgani uchun men kundalik hayotdan misol keltirib gapiryapman. Sizlar bir vaqtlar aʼzoyi badaningizni ifloslik va qonunsizlikka topshirib, gunohga yanada chuqurroq botib ketgan edingiz. Endi esa oʻzingizni muqaddaslikka yetaklaydigan solihlikka qul qilib topshiring. 20 Axir, gunohga qul boʻlgan paytingizda, toʻgʻri ishlar qilishga majbur emasdingiz. 21 Oʻsha paytdagi qilmishlaringizning oqibati nima boʻldi?! Hozir ulardan uyalyapsiz, oʻsha qilmishlaringizning oqibati oʻlim–ku! 22 Endi gunohdan ozod qilinib, Xudoning quli boʻlib qoldingiz. Buning natijasi muqaddaslik va abadiy hayotdir. 23 Gunohning evazi — oʻlim, Xudoning inʼomi esa Rabbimiz Iso Masih orqali beriladigan abadiy hayotdir.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020