2–BOB
Xudoning odil hukmi
1 Ey boshqalarni hukm qilayotgan inson! Sen kim boʻlishingdan qatʼi nazar, boshqalarni hukm qilishga hech haqing yoʻq. Sen boshqa odamni hukm qilib, oʻzingni ham mahkum etasan. Axir, oʻzing ham shu ishlarni qilyapsan–ku! 2 Bunday ishlar qilib yurganlarni Xudo mahkum qilishga haqli ekanini bilamiz. 3 Ayni shu ishlarni oʻzing qila turib, shunday ishlarni qiluvchilarni hukm etsang, Xudoning hukmidan qochib qutulaman, deb oʻylaysanmi?! 4 Xudoning cheksiz mehribonligi va sabr–toqatini pisand qilmayotganingni qara. Axir, Uning muruvvati seni tavbaga yetaklashini bilmaysanmi?! 5 Ammo sen oʻjarlik qilib, gunohlaringdan tavba qilmayapsan. Xudoning adolatli hukmi ayon boʻladigan qahr–gʻazab kunida boshingga tushadigan jazoni yanada koʻpaytiryapsan.
6 Xudo har kimni qilgan ishiga yarasha taqdirlaydi. 7 Yaxshi ishda qunt qilib, sharaf, hurmat–ehtirom va mangulikka intilganlarga Xudo abadiy hayot ato qiladi. 8 Ammo xudbinlik qiladigan, haqiqatni rad etib, adolatsizlikka ergashadiganlar qahr–gʻazabga duchor boʻladi. 9 Yovuzlik qiladigan har bir inson iztirobda qoladi, uning boshiga falokat tushadi, bu inson yahudiymi, gʻayriyahudiymi — farqi yoʻq. 10 Yaxshilik qiladiganlarga esa — yahudiylarga ham, gʻayriyahudiylarga ham, sharaf, hurmat–ehtirom va tinchlik nasib etadi. 11 Zero, Xudo tarafkashlik qilmaydi.
12 Xudoning qonunini bilmasdan turib gunoh qilganlar, qonunga aloqasiz ravishda hukm qilinadilar. Qonunni bila turib gunoh qilganlar esa qonun boʻyicha hukm qilinadilar. 13 Axir, qonunni eshitganlar emas, balki qonunga rioya qiladiganlar Xudoning oldida oqlanadilar. 14 Gʻayriyahudiylarda Xudoning qonuni yoʻq. Ammo qonunni bilmay turib, ular tabiiy ravishda qonunning buyurganlarini bajarsalar, oʻzlariga oʻzlari qonundirlar. 15 Bu bilan ular qonunning talablari oʻz yuraklarida yozilganini koʻrsatadilar. Ularning vijdoni ham bunga shahodat beradi, chunki ularning xayollari ularni goh qoralaydi, goh oqlaydi. 16 Xudo insonlarning yashirin oʻy–xayollarini Iso Masih orqali hukm qiladigan kunda bularning hammasi ayon boʻladi. Men keltirgan Xushxabarda ana shular bayon etilgan.
Yahudiylar va qonun
17 Mana, orangizdagilarning baʼzilari: “Men yahudiyman”, deydilar, qonunga suyangan holda, “Xudoga yaqinman”, deb maqtanadilar. 18 Ey yahudiy! Sen Xudoning xohish–irodasini bilish va yaxshini yomondan farq qilishni qonundan oʻrganib olibsan. 19-20 Xudoning qonunida barcha ilm–maʼrifat va haqiqat mujassam. Senda mana shu qonun borligi uchun sen koʻrlarga yoʻl koʻrsatuvchi, zulmatda qolganlarga nur, gʻofillarga murabbiy, gʻoʻr bolalarga esa muallim ekanligingga ishonching komil. 21 Shunday ekan, sen qanday qilib boshqalarga taʼlim bera turib, oʻzingga taʼlim bermaysan?! 22 “Oʻgʻrilik qilma”, deb nasihat qilib turib, oʻgʻrilik qilasanmi?! “Zino qilma”, deb turib, oʻzing zino qilasanmi?! “Butlardan jirkanaman”, deb turib, kufrlik qilasanmi?! 23 Qonunni bilaman, deb maqtanasan–u, lekin qonunni buzib, Xudoning nomiga dogʻ tushirasanmi?! 24 Axir, Muqaddas bitiklarda shunday yozilgan–ku: “Sizlarni deb, xalqlar orasida Xudoning nomi haqorat qilinmoqda.”
25 Sunnat masalasiga kelaylik. Agar sen qonunga rioya qiladigan boʻlsang, sunnatning foydasi bor. Ammo qonunni buzsang, sening sunnating sunnatsizlikdan hech farq qilmaydi. 26 Xuddi shuningdek, agar sunnat qilinmaganlar qonunga amal qilsalar, ularning sunnatsizligi sunnatday qabul qilinmaydimi?! 27 Shunday ekan, sunnatsiz boʻla turib, qonunga amal qiladigan odam seni mahkum qilmaydimi?! Axir, senda Muqaddas bitiklar bor, sen sunnat qilingansan–u, lekin baribir Xudoning qonunini buzasan. 28 Yahudiy urf–odatlari bilan yashaydiganlarning hammasi ham asl yahudiy emas. Jismoniy sunnatning oʻzi ham sunnatning asl maqsadini bajarmaydi. 29 Asl yahudiylik yurakdan kelib chiqadi. Asl sunnat, yaʼni yurakning sunnati qonunga amal qilishdan kelib chiqmaydi, balki Ruh tomonidan qilinadi. Asl yahudiy insonlarning emas, balki Xudoning maqtoviga sazovor boʻladi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020