16–BOB
Soʻnggi salomlar
1 Men Kenxreya shahridagi jamoatda xizmat qilayotgan opamiz Fivani sizlarga tanishtiray . 2 Sizlar Xudoning azizlarisiz, shuning uchun Rabbimiz Iso haqi Fivani mehmondoʻstlik bilan qabul qilinglar. U nimaga muhtoj boʻlsa, yordam beringlar. Zero, u koʻplarga, ayniqsa, menga koʻp yordam koʻrsatgan.
3 Priskilla va Akilga salom aytinglar, ular men qatori Iso Masihga xizmat qilyaptilar. 4 Ular mening jonimni asrab qolish uchun oʻzlarini oʻlim xavfi ostiga qoʻydilar. Nafaqat men, balki gʻayriyahudiylardan iborat boʻlgan jamoatlar ham ulardan minnatdorlar. Ularning uyida yigʻiladigan jamoatga ham salom aytib qoʻyinglar. 5 Asiya viloyatidagilar orasida birinchi boʻlib Masihga imon keltirgan aziz doʻstim Epanetusga salom ayting. 6 Sizlar uchun koʻp mehnat qilgan Maryamga salom aytinglar. 7 Birodarimiz Andronikus va opamiz Yuniyaga salom aytinglar. Ular men bilan birga hibsda boʻlgan qondoshlarimdir. Bu obroʻli havoriylar mendan oldin Masihga imon keltirgan edilar. 8 Rabbimiz Iso tufayli mening aziz doʻstim boʻlib qolgan Ampliatusga salom ayting. 9 Masih xizmatida hamkorimiz boʻlgan Urbanus va aziz doʻstim Staxisga salom ayting. 10 Masihga sodiqligini isbotlagan Apellisga salom ayting. Aristovulus xonadoniga ham salom aytib qoʻying. 11 Qondoshim Hirodionga salom ayting. Narkis xonadonidagi Rabbimiz Isoga tegishli boʻlganlarga ham salom aytib qoʻying. 12 Rabbimizga jonu dili bilan xizmat qilayotgan opalarimiz Trifena bilan Trifosaga salom aytinglar. Rabbimizga astoydil xizmat qilayotgan aziz opamiz Persisaga ham salom ayting. 13 Rabbimizning tanlangan xizmatkori Rufusga va menga onaday boʻlib qolgan uning onasiga ham salom ayting. 14 Asinkritus, Flegon, Xermes, Patrovas, Xarmas va ular bilan birga boʻlgan birodarlarga salom aytinglar. 15 Filologus bilan Yuliyaga, Nerus va uning singlisiga , Olimpas hamda ular bilan birga boʻlgan barcha aziz birodarlarga salom aytinglar. 16 Bir–biringiz bilan oʻpishib koʻrishinglar. Barcha Masih jamoatlari sizlarga salom yoʻllayaptilar.
Soʻnggi pand–nasihatlar va tilaklar
17 Sizlarga yolvoraman, olgan taʼlimotingizdan aynitib, orangizga nizo va gʻulgʻula soladigan odamlardan ehtiyot boʻlinglar. Ulardan oʻzingizni olib qochinglar. 18 Axir, bunday odamlar Rabbimiz Iso Masihning emas, balki oʻz nafsining qulidirlar. Ular shirin soʻzlaru xushomadgoʻylik bilan sofdil insonlarni yoʻldan ozdiradilar. 19 Sizlarning Xudoga boʻlgan itoatkorligingiz hammaga maʼlum. Men sizlardan juda xursandman, ammo yaxshilikka kelganda dono, yomonlikka kelganda esa norasida boʻlishingizni istayman. 20 Tinchlik manbai boʻlgan Xudoning Oʻzi tez orada shaytonni oyoqlaringiz ostida ezib tashlaydi. Rabbimiz Isoning inoyati sizlarga yor boʻlsin.
21 Mening hamkorim Timoʻtiy hamda qondoshlarim Lukiyos, Yason va Sosipatrus sizlarga salom yoʻllayaptilar. 22 Bu maktubni qogʻozga tushirayotgan, Rabbimizning quli men — Tertiyusdan ham sizlarga salom. 23-24 Butun jamoatga mehmondoʻstlik koʻrsatadigan va hozirda mening mezbonim boʻlgan Gayus sizlarga salom aytyapti. Shahar xazinaboni Erastus va birodarimiz Kvartus ham salom yoʻllayaptilar .
25 Men bayon qilayotgan Xushxabarga, yaʼni Iso Masihning Xushxabariga binoan sizlarni imonda sobit qadam qilishga qodir boʻlgan Xudoga hamdu sanolar boʻlsin! Bu Xushxabar qadimdan sir tutilgan edi, endi esa u ochildi. 26 Ha, bu sir oshkor qilindi va paygʻambarlarning bitiklari orqali, Xudoning amri boʻyicha barcha xalqlarga ayon boʻldi, toki ular ham imon orqali Xudoga itoatkor boʻlsinlar. 27 Donolik sohibi boʻlgan yagona Xudoga Iso Masih orqali to abad shon–sharaflar boʻlsin! Omin!
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020