16–BOB
Xudoning gʻazabiga toʻla yetti kosa
1 Bundan keyin men Maʼbaddan kelayotgan baland bir ovozni eshitdim. Oʻsha ovoz yettita farishtaga shunday dedi: “Boringlar, Xudoning gʻazabiga toʻlib–toshgan yetti kosadagi balolarni yerga toʻkinglar.”
2 Birinchi farishta borib, kosasidagini yerga toʻkdi. Maxluqning tamgʻasi bosilgan va uning tasviriga sajda qilgan odamlarda ogʻir, jirkanch yaralar paydo boʻldi.
3 Ikkinchi farishta kosasidagini dengizga toʻkdi. Dengiz oʻlikning qoniga oʻxshab qoldi. Dengizdagi hamma jonivorlar qirilib ketdi.
4 Uchinchi farishta kosasidagini daryolarga va buloqlarga toʻkdi, ular ham qonga aylandi. 5 Suvlar uchun masʼul boʻlgan farishtaning shunday deganini eshitdim:

“Ey Muqaddas Xudo,
Sen bor boʻlgansan, hozir ham borsan.
Sening chiqargan bu hukmlaring odildir.
6 Azizlaring va paygʻambarlaringning qonini toʻkkanlarga
Sen qon ichirding, ular bunga loyiqdir.”

7 Qurbongohdan shunday bir ovoz eshitildi:

“Ha, Qodir Xudo — Egamiz!
Sening hukmlaring haq va adolatlidir.”

8 Toʻrtinchi farishta oʻz kosasini quyosh ustiga toʻkdi, quyoshga insonlarni olov bilan yondirish qudrati berildi. 9 Jazirama issiq insonlarni kuydirganda, ular bu ofatlar ustidan hokimiyatga ega boʻlgan Xudoni laʼnatladilar. Ular qilmishlaridan tavba qilmadilar, Xudoni ulugʻlamadilar.
10 Beshinchi farishta kosasidagini maxluq taxtiga toʻkdi, maxluqning saltanati zimistonga chulgʻanib qoldi. Odamlar chekkan azobidan tillarini tishlardilar. 11 Yaralarining ogʻrigʻidan Samoviy Xudoni laʼnatlardilar. Ammo qilmishlaridan tavba qilmadilar.
12 Oltinchi farishta kosasidagini buyuk Furot daryosi ustiga toʻkdi. Daryoning suvi quridi. Sharqdan bostirib keladigan shohlarga yoʻl ochildi.
13 Bundan keyin men qurbaqalarga oʻxshash uchta yovuz ruhni koʻrdim. Ular ajdarho, maxluq va soxta paygʻambarning ogʻizlaridan chiqayotgan edilar. 14 Bular jinlar boʻlib, moʻjizali alomatlar koʻrsata olardilar. Ular Qodir Xudoning ulugʻ kunida boʻladigan jangga barcha jahon shohlarini toʻplagani bordilar.

15 Masihning shunday gaplarini yodingizda tuting:
“Mana, Men oʻgʻri kabi nogahon kelaman!
Hushyor turgan kishi baxtlidir,
Yalangʻoch yurmayin, sharmanda boʻlmayin deb,
Kiyimini taxt qilib qoʻygan kishi baxtlidir!”

16 Uchta yovuz ruh jahon shohlarini ibroniychadagi Xar–Magidoʻn degan joyga toʻpladilar.
17 Yettinchi farishta kosasidagini havoga toʻkdi. Maʼbaddagi taxtdan: “Amalga oshdi!” — degan baland bir ovoz keldi. 18 Shu vaqt chaqmoq chaqib, momaqaldiroqning gulduros sadolari yangradi, kuchli zilzila boʻldi. Zilzila shu qadar kuchli ediki, yer yuzida inson yashagandan beri bunaqasi boʻlmagandi. 19 Buyuk shahar uch qismga boʻlinib ketdi. Boshqa xalqlarning shaharlari yer bilan yakson boʻldi. Xudo buyuk Bobil shahrini yodga oldi. U Bobilga kosadagi Oʻzining gʻazabi sharobidan berdi. 20 Har bir orol oʻrnidan jildi, togʻlar koʻzdan gʻoyib boʻldi. 21 Osmondan odamlar ustiga yirik doʻl yogʻildi. Har bir doʻl donasining ogʻirligi ikki pud chiqardi. Bu dahshatli doʻl dastidan odamlar Xudoni laʼnatlashardi.