12–BOB
Tuqqan ayol va ajdarho
1 Osmonda ajoyib bir alomat roʻy berdi: quyoshga burkangan bir ayol paydo boʻldi. Uning oyoqlari ostida oy va boshida oʻn ikki yulduzli toj bor edi. 2 Ayol homilador boʻlib, uni toʻlgʻoq tutar, dard bilan baqirar edi.
3 Soʻngra osmonda boshqa bir alomat koʻrindi: yetti boshli, oʻnta shoxli ulkan qizil ajdarho paydo boʻldi. Uning har bir boshida bittadan toji bor edi. 4 U dumi bilan osmondagi yulduzlarning uchdan bir qismini sudrab, yerga uloqtirdi. Ajdarho toʻlgʻoq tutgan ayolning oldiga turib oldi. Chaqaloq tugʻilishi bilanoq ajdarho uni yutib yubormoqchi edi. 5 Ayol oʻgʻil koʻrdi. Kelajakda barcha xalqlarni temir xivchin bilan boshqaradigan bu oʻgʻlon darhol olib ketildi. U Xudoning huzuriga, taxtga keltirildi. 6 Ayol esa choʻlga qochib bordi. U yerda 1260 kun davomida ayolga gʻamxoʻrlik qilishsin deb, Xudo maxsus joy hozirlab qoʻygan edi.
7 Shundan keyin samoda jang boshlandi. Mikoyil va uning farishtalari ajdarhoga qarshi chiqishdi. Ajdarho ham oʻzining farishtalari bilan Mikoyilga qarshi jang qildi. 8 Ammo ajdarho talafot koʻrdi. Unga va uning farishtalariga endi samoda joy yoʻq edi. 9 Ulkan ajdarho yerga uloqtirildi. Butun dunyoni aldagan bu almisoq ilon iblis va shayton deb atalgan. U oʻz farishtalari bilan yerga uloqtirildi.
10 Shunda men samodan baland ovozda aytilgan bu soʻzlarni eshitdim:
“Xudoyimiz najotu qudratini ayon qildi,
Mana, Uning Shohligi keldi.
Xudoning Masihi hokimiyati oʻrnatildi.
Axir, birodarlarimizning tuhmatchisi yerga uloqtirildi,
Ha, Xudoyimiz huzurida kecha–kunduz
Ularga tuhmat qilayotgan iblis pastga otildi.
11 Ular Qoʻzining qoni tufayli,
Oʻzlarining shahodat soʻzi tufayli iblisni yengdilar.
Hatto oʻlim xavfi ostida boʻlganlarida jonlarini ayamadilar.
12 Ey osmonu falak, xursand boʻl!
Unda yashovchilar, shodlaning!
Ammo, ey yeru dengiz, sizning holingizga voy!
Zero, iblis oldingizga tushdi.
Vaqti oz qolganini bilib, u qahru gʻazabga mindi.”
13 Ajdarho oʻzining yer yuziga uloqtirilganini anglagach, oʻgʻil bola tuqqan ayolni taʼqib qila boshladi. 14 Ayol oʻsha ilondan qocha olishi uchun unga katta burgutning ikki qanoti berildi. U sahroga — uch yarim yil davomida unga gʻamxoʻrlik qilinadigan joyga qochib borishi kerak edi. 15 Ilon esa, uni sel oqizib ketsin deb, ogʻzini ochdi–da, ayolning ketidan daryoday suv oqizdi. 16 Ammo yer ayolga yordam berdi. Yer dahanini ochib, ajdarho oqizgan daryoni yutib yubordi. 17 Ajdarho ayoldan qattiq gʻazablandi. U ayolning boshqa farzandlari bilan jang qilgani chiqdi. Ayolning farzandlari — Xudoning amriga itoat qilgan va Isoning shahodatiga sodiq qolgan odamlardir.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020