97–SANO
Sano.
1 Yangi bir qoʻshiq ayting Egamizga!
Axir, U ajoyib ishlar qildi.
Oʻzining oʻng qoʻli, muqaddas bilagi bilan zafar qozondi.
2 Egamiz zafarining dongʻini taratdi,
Xalqlarga najotini namoyon qildi.
3 Isroil xalqiga boʻlgan sevgisiyu sadoqatini yodida tutdi.
Yerning toʻrt tomoni Xudoyimiz bergan najotni koʻrdi.

4 Ey zamin ahli, Egamizni olqishlab, xitob qiling,
Sevinchli kuy–qoʻshiqlar ila Unga xitob qiling.
5 Lira chalib, Egamizga hamdu sano kuylang,
Lira chalib, qoʻshiqlar ayting.
6 Karnayu burgʻularni chaling,
Shohni — Egamizni olqishlab, xitob qiling.

7 Joʻsh ursin dengizu undagi hamma jonzot,
Joʻsh ursin olamu unda yashovchi hamma maxluqot.
8 Egamiz oldida daryolar qarsak chalsin,
Qirlar birga shodlanib qoʻshiq aytsin.
9 Zotan, Egamiz yerda hukm etgani kelmoqda,
U olamni toʻgʻri hukm etadi,
Adolat ila xalqlarni hukm qiladi.