96–SANO
1 Egamiz Shohdir, zamin quvonsin,
Dengiz ortidagi hamma yurtlar shod boʻlsin.
2 Bulutlar, zimziyo zulmat Uning atrofini oʻragan,
Adolatu haqiqat Uning taxtiga poydevor boʻlgan.
3 Egamiz olovini Oʻzidan oldin yuboradi,
Olovi har tarafdagi dushmanlarni yutadi.
4 Chaqmoqlari olamni yoritadi,
Zamin buni koʻrib titraydi.
5 Butun olamning Rabbiysi oldida,
Egamiz oldida togʻlar mumday eriydi.
6 Samolar eʼlon qiladi Uning adolatini,
Jamiki xalqlar koʻradi Uning ulugʻvorligini.
7 Butlarga sajda qiluvchilar,
Behuda sanamlari ila maqtanuvchilar
Sharmanda boʻladi.
Barcha xudolar Egamizga taʼzim qiladi.
8 Ey Egam! Sening adolatingdan
Yahudo shaharlari shod boʻladi,
Quddus eshitib, quvonadi.
9 Ey Egam, yer yuzidagi buyuk hukmdor Sensan,
Hamma xudolardan Sen yuksalgansan.
10 Ey Egamizni sevganlar!
Yomonlikdan nafratlaning.
U taqvodorlarining jonlarini Oʻzi asraydi,
Fosiqlarning qoʻlidan ularni xalos etadi.
11 Solihlarga nur sochilgay,
Yuragi poklar uzra shodlik yoyilgay.
12 Ey solihlar, Egamiz tufayli shodlaning,
Uning muqaddas nomini olqishlang!
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020