95–SANO
1 Ey olam, Egamizni tarannum eting!
Egamizga yangi bir qoʻshiq ayting.
2 Egamizni tarannum eting,
Unga olqishlar boʻlsin,
Uning bergan najotidan har kuni soʻylang.
3 Eʼlon qiling elatlar orasida Uning shuhratini,
Jamiki xalqlar orasida Uning ajoyibotlarini.
4 Egamiz buyukdir, koʻp maqtovga loyiqdir,
Jamiki xudolardan U izzatlidir.
5 Zotan, xalqlarning hamma xudolari butlardir,
Egamiz esa samolarni yaratgandir.
6 Shuhratu ulugʻvorlik Uning huzuridadir,
Qudratu goʻzallik Uning muqaddas maskanidadir.
7 Egamizga hamdlar ayting, ey zamin xalqlari!
Egamizning qudratiyu shuhratiga hamdlar oʻqing!
8 Egamizning sharafiga sanolar ayting!
Nazrlar keltirib, Uning hovlisiga kiring!
9 Muqaddas ulugʻvorlikka burkangan Egamizga sajda qiling!
Ey zamin ahli, Uning oldida titrab turing!
10 Elatlar orasida aytingki: “Egamiz Shohdir!
Olam mustahkam oʻrnashgan, hech qachon tebranmaydi,
U xalqlarni haqqoniy hukm qilar.”
11 Samolar shod boʻlsin, zamin quvonsin,
Dengizu undagi hamma jonzot guvullasin.
12 Dalalaru undagi har narsa sevinch ila joʻshsin,
Oʻrmondagi hamma daraxt shodlikdan qoʻshiq aytsin.
13 Egamiz oldida ular qoʻshiq aytar, ana, U kelayotir,
Zaminni boshqarmoq uchun U kelayotir,
Olamni adolat ila U boshqarar,
Xalqlarni Oʻz haqiqati ila boshqarar.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020