90–SANO
1 Xudoyi Taolo panohida yashaydiganlar
Qodir Xudo soyasida orom topar.
2 Men Egamga shunday deyman:
“Sen panohimsan, qalʼamsan,
Men umid bogʻlagan Xudoyimsan.”
3 Albatta U xalos etar seni ovchining tuzogʻidan,
Xalos etar seni qirgʻin keltiruvchi vabodan.
4 Seni U qanotlari ostiga olar,
Uning panohida bexatar boʻlasan,
Sadoqati bilan senga qalqon, devor boʻlar.
5 Shunda qoʻrqmaysan tunning vahimasidan,
Qoʻrqmaysan kunduzi uchgan oʻqdan,
6 Zulmatda bildirmay keladigan vabodan,
Qoq peshinda qirgʻin keltiruvchi oʻlatdan.
7 Mingtasi chap yoningda yiqilib qoladi,
Oʻn mingtasi oʻng yoningda yiqilib qoladi,
Ammo bu kulfatlar senga yaqin kelmaydi.
8 Faqat koʻzlaringni och, shunda koʻrasan
Fosiqning qanday jazo olganini.
9-10 Agar Egamizni panohing qilsang,
Boshingga biron baxtsizlik kelmas.
Xudoyi Taoloni qoʻrgʻoning qilsang,
Biron falokat chodiringga yoʻlamas.
11 U sen toʻgʻringda farishtalariga amr beradi,
Farishtalar hamma yoʻllaringni qoʻriqlaydi.
12 Oyogʻing toshga qoqilib ketmasin deya,
Farishtalar qoʻllarida seni koʻtarib boradi.
13 Sher va zaharli ilon ustidan bosib oʻtasan,
Yirtqich sher, ilonni oyogʻing bilan ezasan.
14 Egamiz shunday deydi:
“U Meni yaxshi koʻrgani uchun
Men uni qutqaraman.
Meni bilgani uchun
Men uni himoya qilaman.
15 U iltijo qilganda Men javob beraman,
Ogʻir kunlarida u bilan birga boʻlaman,
Uni qutqarib, unga izzat koʻrsataman.
16 Uzoq umr berib, uni mamnun qilaman,
Unga najot beraman.”
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020