8–SANO
1 Ijrochilar rahbariga. Soz joʻrligida aytiladigan Dovud sanosi.
2 Ey Egam, bizning Rabbimiz!
Butun yer yuzida Sening noming ulugʻvordir!
Osmondan ham yuksakdir Sening shuhrating!
3 Dushmanlaringning,
Qasoskorlarning ovozini oʻchiray deya,
Sen bolalar va chaqaloqlarni
Oʻz qudratingni soʻylashga oʻrgatding.
4 Qoʻllaring ijodi boʻlgan osmoningga qaradim,
Oʻzing joylashtirgan yulduzlaru oyga boqdim.
5 Inson zoti nedirki, u haqda oʻylagaysan?!
Bandalar nedirki, Sen ularni ardoqlagaysan?!
6 Sen ularni Oʻzingdan andak past qilding,
Izzatu sharaf tojini ularga kiygizding.
7 Jamiki yaratganing uzra ularni hukmron qilding ,
Bor narsani ularning oyogʻi ostiga qoʻyding:
8 Jamiki molu qoʻylarni ham,
Barcha yovvoyi hayvonlarni ham,
9 Samodagi qushlarni va dengizdagi baliqlarni,
Dengizda suzuvchi har xil maxluqlarni.
Ha, ularning ustidan insonni hukmron qilding.
10 Ey Egam, bizning Rabbimiz!
Butun yer yuzida Sening noming ulugʻvordir!
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020