79–SANO
1 Ijrochilar rahbariga. “Nilufar” kuyiga aytiladigan Osif sanosi.
2-3 Tingla bizni, ey Isroilning Choʻponi,
Yusuf naslini qoʻy suruviday yetaklab chiqqan Sensan,
Karublar orasida taxt qurgansan,
Efrayim, Benyamin, Manashe oldida nuringni soch.
Qudratingni koʻrsat, bizni qutqargani kel.

4 Ey Xudo, bizni oldingi holimizga qaytargin,
Jamoling bizga nurlarini sochsin, najot topaylik.

5 Ey Parvardigori Olam — Egamiz,
Qachongacha gʻazablanib, ibodatimizni rad etasan?
6 Koʻz yoshlar berding bizga non oʻrniga,
Chelak toʻla koʻz yoshlarni bizga ichirding.
7 Qoʻshnilar bizdan nafratlanishiga imkon berding,
Dushmanlarimiz bizni masxara qilmoqda.

8 Ey Parvardigori Olam, bizni oldingi holimizga qaytargin,
Jamoling bizga nurlarini sochsin, najot topaylik.

9 Tok novdasini sugʻurganday,
Bizni Misrdan keltirding.
Begona xalqlarni quvib, bizni oʻtqazding.
10 Biz uchun tuproq tayyorlading,
Ildiz otib, yurtni toʻldirdik.
11 Togʻlar bizning soyamiz bilan qoplandi,
Bahaybat sadrlar ham novdalarimiz bilan qoplandi.
12 Biz shoxlarimizni dengizgacha yoydik,
Novdalarimiz Furot daryosigacha choʻzildi.
13 Nega endi bogʻning devorlarini buzib tashlading?
Oʻtgan–ketganlar mevalarini yulsin debmi?
14 Yovvoyi toʻngʻizlar uni xarob qiladi,
Yovvoyi jonivorlar undan yeb qornini toʻygʻizadi.

15 Qayt yana bizga, ey Parvardigori Olam!
Nazar solgin, qara samodan,
Bu tok novdasini qoʻriqlagin.
16 Oʻng qoʻling oʻtqazgan ildizni,
Oʻzing oʻstirgan novdani qoʻriqlagin.
17 Gʻanimlaring uzum tokingni qirqqan edi,
Uzum tokingni olovda yondirgan edi,
Gʻazabli boqishingdan ular yoʻq boʻlsin.
18 Oʻzing tanlaganingga,
Oʻzing uchun kuchli qilgan xalqqa tayanch boʻlgin.
19 Shunda biz hech qachon Sendan qaytmaymiz,
Senga sajda qilamiz, bizga hayot ato qil.

20 Ey Parvardigori Olam — Egamiz,
Bizni oldingi holimizga qaytargin,
Jamoling bizga nurlarini sochsin, najot topaylik.