76–SANO
1 Ijrochilar rahbari Yodutunga . Osif sanosi.
2 Faryod qilib, Xudoga yolvoraman,
Eshitgin meni, deb Xudoga hayqiraman .
3 Qaygʻuli kunimda Rabbiyga intildim,
Tunda qoʻllarimni koʻtarib iltijo qildim,
Jonim tasalli topishni rad etdi.
4 Ey Xudo, Seni oʻylaganimda, figʻon chekaman,
Ruhim zaiflashadi.
5 Tun boʻyi Sen meni bedor qilding,
Soʻzlay olmayman azoblanganimdan.
6 Oldingi kunlar haqida oʻylab yurdim,
Eski davrlarni eslab yurdim.
7 Tun boʻyi oʻzim bilan oʻzim suhbat qurdim ,
Qalbim xayolga berilib, ruhim soʻrab–surishtirdi:
8 “Rabbiy to abad bizni rad etarmikan?
Hech qachon shafqat koʻrsatmasmikan?
9 Uning sodiq sevgisi to abad yoʻqolganmi?
Uning vaʼdalari bir umrga tamom boʻlganmi?
10 Xudo shafqatli boʻlishni unutib qoʻydimi?
Rahmdillik oʻrnini gʻazab egalladimi?”
11 Oʻzimga oʻzim dedim:
“Xudoyi Taolo oʻng qoʻli orqali
Endi bizga yordam bermayapti.
Bu mening kulfatimdir.”
12 Ey Egam, ishlaringni men yodga olaman,
Azaliy moʻjizalaringni esga olaman.
13 Hamma ishlaringni xayolimdan oʻtkazaman,
Qudratli ishlaring haqida fikr yuritaman.
14 Sening yoʻling, ey Xudo, muqaddasdir,
Qaysi xudo Senday buyukdir?!
15 Moʻjizalar yaratuvchi Xudo Sensan,
Xalqlar orasida qudratingni koʻrsatgan Sensan.
16 Qudrating bilan Oʻz xalqingni,
Yoqub hamda Yusuf nasllarini qutqargansan.
17 Ey Xudo, suvlar Seni koʻrganda,
Ha, suvlar Seni koʻrganda, qoʻrqib ketdilar,
Tubsiz dengizlar larzaga keldi!
18 Bulutlar yomgʻirin quydi,
Samolar gumburlab yangradi,
Oʻqlaring har tomonda
Yalt etib paydo boʻldi.
19 Gumbur–gumbur eshitildi quyun ichida,
Chaqmoqlaring olamni yoritdi,
Zamin titrab, tebrandi.
20 Yoʻling dengiz orqali oʻtdi,
Soʻqmogʻing bahaybat suvlardan oʻtdi,
Izlaring esa koʻrinmas edi.
21 Xalqingni qoʻy suruviday yetaklab bording,
Muso, Horunni rahnamo qilib tanlading.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020