72–SANO
Osif sanosi.
1 Haqiqatan ham, Isroil xalqiga,
Yuragi pok boʻlganlarga Xudo himmat qilar.
2 Oyoqlarim toyib ketay, dedi,
Sal boʻlmasa sirpanib yiqilay, dedim.
3 Fosiqning yashnayotganini koʻrganimda,
Takabburlarga hasad qildim.

4 Ular ogʻriq nimaligini bilmaydilar ,
Tanalari soppa–sogʻ, baquvvat.
5 Boshqalarday ular dard tortmaydilar,
Boshqalarday ular azob chekmaydilar.
6 Kiborlik ularning boʻynidagi marjon boʻladi,
Zoʻravonlikni ular libos qilib kiyib olgan.
7 Ularning koʻzlarini yogʻ bosib qolgan,
Xayollarida ahmoqona niyatlar toʻlib–toshgan.
8 Takabburlar masxaralab, xusumat bilan gapiradi,
Magʻrurlanib, zulm bilan tahdid qiladi.
9 Fosiqlar ogʻizlari bilan osmonga daʼvo qiladi,
Tillari bilan yer yuzini mulk qilib oladi.
10 Shu bois har kim ularga yuz buradi,
Ularning soʻzlarini suv kabi ichadi .
11 Yana ular shunday deydilar:
“Xudo qanday qilib bila oladi?!
Xudoyi Taolo nimani ham bilardi?!”
12 Fosiqlar ana shunaqa!
Doimo betashvish boylik orttiradi.
13 Ha, men bekorga yuragimni pok tutgan ekanman–da!
Aybsizman, deya bekorga qoʻllarimni yuvibman–da!
14 Axir, kun boʻyi azob tortaman,
Har kuni ertalab jazo olaman.

15 Men ham fosiq gaplarni gapiraverganimda,
Sening sodiq farzandlaringga xoinlik qilgan boʻlar edim.
16 Ammo bularni tushunay, desam,
Bu ish juda ham mashaqqatli tuyuldi.
17 Xudoning muqaddas maskaniga kirdim,
Shundagina fosiqlar qismati ne boʻlishini tushundim.

18 Ey Xudo, chindan ham ularni sirpanchiq yerga qoʻygansan,
Ularni jarlikka uloqtirib, barbod qilasan.
19 Ular birdan qirilib ketadi,
Vahimadan qirilib, yoʻq boʻladi.
20 Ularning hayoti faqat tushdir,
Uygʻonganlarida unut boʻladi.
Sen ham qoʻzgʻalganingda, ey Rabbiy,
Ularning hayotiga chek qoʻyasan.

21 Gʻamga toʻlgan paytlarimda,
Yuragimda dard paydo boʻlganda,
22 Men nodon, johil boʻlgan ekanman,
Qarshingda ongsiz hayvon kabi boʻlgan ekanman.
23 Shunday boʻlsa ham, doimo Sen bilanman,
Sen oʻng qoʻlimdan ushlagansan.
24 Oʻgitlaring bilan menga yoʻl koʻrsatasan,
Oxiri meni shon–shuhrat ila kutib olasan.
25 Sendan boshqa kimim bor samoda?!
Sendan oʻzgasini istamasman yer yuzida.
26 Ado boʻlishi mumkin tanamu yuragim,
Ammo Sen, ey Xudo, qalbimning quvvatisan,
Sen to abad barqarorligimsan.

27 Sendan uzoq boʻlganlar halok boʻladi,
Qirib tashlaysan Senga sodiq boʻlmaganlarni.
28 Ey Xudo, Senga yaqin boʻlganim esa menga yaxshidir.
Ey Egam Rabbiy, Seni panohim qilib oldim,
Sening hamma ishlaringni aytib yuraman.