70–SANO
1 Ey Egam, Senda men panoh topaman,
Sharmanda boʻlishimga aslo yoʻl qoʻymagin.
2 Adolatlisan, meni xalos qil, qutqargin,
Quloq tut menga, najot bergin.
3 Mening panoh qoyam boʻlgin,
Har doim Senga bora olay.
Meni qutqarmoq uchun amr berding.
Chindan ham, Sen suyangan qoyamsan, qalʼamsan.
4 Ey Xudoyim, fosiqning qoʻlidan meni qutqargin,
Adolatsiz, zolim odamning iskanjasidan qutqargin.
5 Sen, ey Egam Rabbiy, mening umidimsan,
Yoshligimdan Senga umid bogʻlaganman.
6 Tugʻilganimdan buyon Senga suyandim,
Onamning qornidan meni olib chiqqansan,
Doimo Senga hamdu sano aytaman.
7 Hayotim koʻpchilikka oʻrnak boʻldi,
Chunki Sen mening mustahkam panohimsan.
8 Ogʻzimdan aslo tushmas Senga hamdu sanolar,
Kun boʻyi shuhratingni eʼlon qilaman.
9 Keksaygan chogʻimda meni tashlab qoʻymagin,
Quvvatim ketganda, meni tark etmagin.
10 Axir, dushmanlarim menga qarshi til biriktiradi,
Birga fitna qilib, meni oʻldirmoqchi boʻladi.
11 Dushmanlarim aytar: “Xudo tark etgan uni,
Quvinglar, ushlanglar uni,
Uni qutqaradigan hech kimsa yoʻqdir.”
12 Ey Xudo, mendan uzoq ketmagin,
Tez kel, ey Xudoyim, menga madad ber!
13 Meni ayblovchilar sharmandalikdan yerga kirib ketsin,
Menga zarar yetkazmoqchi boʻlganlar
Masxara boʻlsin, badnom boʻlsin.
14 Men esa doimo Senga umid bogʻlayman,
Yanada koʻp hamdu sano aytaman.
15 Menga qilganlaringdan hayratga tushdim,
Adolatingni har kimga hikoya qilaveraman,
Najotingni kun boʻyi soʻylayveraman.
16 Qudratli ishlaringni madh qilaman, ey Egam Rabbiy,
Yolgʻiz Sening odilligingni madh qilaman.
17 Ey Xudo, yoshligimdan Sen menga taʼlim bergansan,
Ajoyib ishlaringni hamon aytib yuraman.
18 Sochlarim oqarib, keksayganimda,
Meni tark etmagin, ey Xudo!
Kelgusi avlodlarga kuching haqida aytay,
Mendan keyin keladiganlarga
Qudrating haqida aytib beray.
19 Adolating samolarga yetadi, ey Xudo,
Buyuk ishlar qilding Sen,
Senga oʻxshagan kim bor, ey Xudo?!
20 Duchor qilding meni koʻp kulfat, azoblarga,
Meni yana hayotga qaytarasan,
Yer ostidan yana meni chiqarib olasan.
21 Shuhratimni yana yuksaltirasan,
Menga yana taskin berasan.
22 Arfa chalib, Senga hamdu sano aytaman,
Sening sadoqatingni kuylayman, ey Xudoyim.
Lira chalib, Seni tarannum qilaman,
Ey Isroil xalqining Muqaddas Xudosi!
23 Seni madh qilib kuylaganimda,
Shodlikdan hayqiraman.
Meni Sen qutqargansan.
24 Menga zarar yetkazmoqchi boʻlganlar
Sharmandayi sharmisor boʻldilar.
Kun boʻyi tilim adolating haqida soʻylaydi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020