7–SANO
1 Benyamin qabilasidan boʻlgan Kushning qilmishlari tufayli Dovudning Egamizga aytgan marsiyasi.
2 Senda panoh topaman, ey Egam Xudo,
Payimga tushganlardan xalos et, qutqar meni.
3 Yoʻqsa, ular meni sherday gʻajib tashlaydi,
Burda–burda qiladi, hech kim meni qutqarolmaydi.

4-5 Ey Egam Xudo!
Agarda kimgadir nohaqlik qilgan boʻlsam,
Doʻstimni dushmaniga sotgan boʻlsam mabodo,
Gʻanimimni sababsiz talagan boʻlsam,
Ha, agarda u ishlarni qilgan boʻlsam,
6 Dushmanlarim taʼqib qilsin, tutsin meni,
Tanamni tuproqqa qorsin,
Jasadimni yerga tashlasin.

7 Qani, gʻazabingni sochgin, ey Egam!
Qoʻzgʻal yovlarimning qahriga qarshi!
Koʻrib, adolat qilgin!
8 Xalqlarni atrofingga toʻplagin,
Balanddagi taxtingda oʻtirib,
Ular ustidan hukmronlik qilgin.

9 Ey Egam, oliy Hakam Oʻzingsan,
Sen xalqlarni hukm qilasan.
Ey yuksalgan Egam,
Hukm paytida yuzimni yorugʻ qil,
Bilasan–ku, solihman, begunohman.
10 Fosiqlarning yovuzligi barham topsin,
Solihlar barqaror boʻlsin.
Ongu yuraklarni sinaguvchi Sensan,
Ey odil Xudo!

11 Mening qalqonimdir yuksalgan Xudo,
Pokdillarga U najot beradi.
12 Adolatli hakamdir Xudo,
Qabihga U doim gʻazabini sochadi.
13 Agar inson tavba qilmasa,
Xudo qilichini charxlaydi,
Kamonini tayyor qilib turadi.
14 Qirgʻin qurollarini shay qilib qoʻygan,
Olovli oʻqlarini tayyorlab qoʻygan.

15 Ana, qabihlar qabihlikdan urugʻ orttiradi,
Dardu balolardan homilador boʻladi,
Oxir–oqibatda yolgʻonni tugʻadi.
16 Ular chuqur qaziydilar,
Ammo chohga oʻzlari qulaydilar.
17 Ularning dardu balosi oʻziga qaytadi,
Zoʻravonligi oʻzlarining boshiga yetadi.

18 Egamizga, adolating uchun shukur, deyman.
Egamiz — Xudoyi Taologa hamdu sanolar kuylayman.