64–SANO
1 Ijrochilar rahbariga. Dovud sanosi. Qoʻshiq.
2 Ey Quddusdagi Xudo, Sen loyiqsan hamdu sanoga,
Senga bergan ontimizni bajo qilamiz.
3 Sensan ibodatlarga javob berguvchi,
Jamiki odamzod Senga keladi.
4 Gunoh ustimizdan tantana qilgan,
Sen esa kechirasan gunohlarimizni .
5 Qutlugʻ hovlimda yashasin deya,
Sen Oʻzing tanlab, olib kelgan inson
Naqadar baxtlidir!
Uyingning, muqaddas Maʼbadingning neʼmatlaridan
Biz bahramand boʻlamiz.
6 Gʻaroyib ishlar koʻrsatib,
Gʻalaba ila bizga javob berasan,
Ey najotkorimiz Xudo!
Yerning toʻrt tomonining,
Hamda eng uzoq dengizlarning umidi Sensan.
7 Kuch bilan Oʻzingni qurollantirgansan,
Qudrating ila togʻlarni joylashtirgansan.
8 Dengizlar hayqirigʻini bostirasan,
Toʻlqinlar shovqinini tinchitasan.
Xalqlar shovqin–suroniga barham berasan.
9 Dunyoning u chetida yashovchilar
Moʻjizalaringdan qoʻrquvga tushadi.
Sharqdan gʻarbgacha xalqlar
Sening ishlaringni sevinch ila kuylaydi.
10 Zaminni Sen sugʻorib parvarishlaysan,
Moʻl–koʻl qilib uni boyitasan.
Ey Xudo, daryolaring suvi limmo–limdir,
Insonlarni don–dun bilan taʼminlashni moʻljallagansan.
11 Egatlarini qondirib sugʻorasan,
Baland joylarini Oʻzing tekislaysan,
Yomgʻir bilan tuprogʻini yumshatasan,
Hosiliga baraka berasan.
12 Moʻl hosil bilan yilga toj kiygizasan,
Aravalaring yurgan yoʻllardan boylik oqadi.
13 Choʻl sersuv oʻtloqzorlarga aylanadi,
Tepaliklar sevinchga burkanadi.
14 Yaylovlar qoʻy suruvlari bilan qoplanadi,
Vodiylar donlarga toʻladi,
Ular sevinchdan hayqirib qoʻshiq aytadi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020