59–SANO
1-2 Ijrochilar rahbariga. Dovud Oram–Naxrayim va Oram–Zoʻvo xalqi bilan urush qilayotgan paytda Yoʻab qaytib kelib, oʻn ikki ming Edomlikni Tuz vodiysida oʻldirgandan keyin, Dovudning aytgan qoʻshigʻi. “Nilufar gul shahodati” kuyiga aytiladi. Taʼlim uchun.
3 Ey Xudo, bizni tark etding,
Mudofaamizni yorib oʻtding,
Bizdan gʻazablanding,
Endi bizni oldingi holimizga qaytargin!
4 Yerni silkitding, yoriqlar ochding,
Yoriqlarni tuzatgin, yer tebranmoqda.
5 Xalqingga koʻp azoblar berding,
Gandiraklab yursin deb, ichgani sharob berding.

6 Ular kamon oʻqlaridan yashirinib olsin deya ,
Oʻzingdan qoʻrqqanlarga ishora berib, bayroq koʻrsatasan.
7 Oʻng qoʻling ila gʻalaba ato qilgin,
Iltijoimizga javob bergin ,
Suyukli bandalaring najot topsin.

8 Ey Xudo, Oʻz muqaddas makoningdan vaʼda bergansan :
“Shodlanib, Shakamni boʻlib tashlayman,
Suxot vodiysini taqsimlab beraman.
9 Gilad Menikidir, Manashe Menikidir,
Efrayim dubulgʻamdir, Yahudo saltanat hassamdir.
10 Moʻab Mening qoʻlyuvgichimdir,
Edom uzra chorigʻimni otaman ,
Olqishlang Meni, ey Filistlar!

11 Ey Xudo, qaniydi mustahkam shaharga meni olib borsalar,
Edomga meni boshlab borsalar.
12 Axir, bizni Oʻzing rad etding–ku!
Lashkarimizga yoʻlboshchilik qilmayapsan–ku endi!
13 Dushmandan qutqarib, bizga yordam ber,
Insonning yordami butunlay behuda.
14 Ey Xudo, Sen bilan biz gʻolib boʻlamiz,
Dushmanlarimizni Sen yanchib tashlaysan.