48–SANO
1 Ijrochilar rahbariga. Koʻrax naslining sanosi.
2 Eshitinglar, ey xalqlar,
Quloq soling, olam ahli,
3 Ey insonlar, jamiki odamzod,
Boylaru faqirlar, quloq solingiz!
4 Ogʻzimdan toʻkiladi dono soʻzlar,
Qalbimning mulohazalari ham idroklidir.
5 Qulogʻimni hikmatga buraman,
Maʼnosini lira bilan anglataman.
6 Nega qoʻrqishim kerak qaro kunlarda?!
Nega qoʻrqishim kerak taʼqib qiluvchilar
Qabih ishlari bilan meni oʻrab olganlarida?!
7 Ular mol–mulkiga ishonadilar,
Behisob boyliklari ila maqtanadilar.
8 Axir, hech kim hayotini pul toʻlab qutqara olmas,
Yoki uning uchun Xudoga toʻlov berolmas.
9 Inson hayoti uchun toʻlov gʻoyat qimmatdir,
Hech qanday toʻlov yetarli boʻlmas.
10 Yoʻqsa inson to abad yashardi,
Qabr yuzini aslo koʻrmasdi.
11 Dononi qarang, ular ham oʻladi,
Ahmoq, bemaʼni birday halok boʻladi,
Ularning boyligi boshqalarga qoladi.
12 Yurtlarga oʻzlarining nomini berganda ham,
Mozor to abad uyi boʻlib qoladi,
Maskani nasldan naslga oʻtaveradi .
13 Boyligiga qaramay inson to abad qolmas,
Oʻladigan jonzotga oʻxshaydi ular.
14 Oʻzlariga ishonganlarning qismati shudir,
Ularning soʻzini maʼqullaganlarning taqdiri shudir:
15 Ular qoʻylar kabi oʻliklar diyoriga haydaladilar,
Oʻlim ularning choʻponi boʻladi,
Tongda toʻgʻri insonlar ularning ustidan hukmron boʻladi,
Tanalari chirib ketadi,
Oʻliklar diyori ularning qasri boʻladi.
16 Oʻliklar diyori hukmidan Xudo meni qutqaradi,
Shubhasiz, U meni Oʻz yoniga oladi.
17 Birontasi boyib ketganda,
Uyining hashamati oshib ketganda,
Vahimaga tushma!
18 Olamdan oʻtganda, u oʻzi bilan hech narsa olib ketmaydi,
Boyligi ham uning ortidan qabrga ergashib bormaydi.
19 Hayotligida oʻzini baxtiyor hisoblaydi,
Oshib–toshib yashagani uchun
Koʻplar unga hamdu sano aytadi.
20 U ham ota–bobolari yoniga ketadi,
Ular kabi yorugʻlikni boshqa koʻrmaydi.
21 Boyligi boʻla turib aqlsiz boʻlganlar
Oʻladigan jonzotga oʻxshaydilar.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020