47–SANO
1 Koʻrax naslining sanosi. Qoʻshiq.
2 Egamiz buyukdir!
Egamiz Oʻz shahrida,
Ha, Oʻzining muqaddas togʻida
Madhiyalarga loyiqdir!
3 Xudoning muqaddas togʻi yuksak va goʻzaldir,
Butun yer yuziga shodlik olib keladir!
Buyuk Shohning shahridagi,
Uning shimolidagi Sion togʻi!
4 Xudo Quddusning qoʻrgʻoni ichida turadi,
Uning qalʼasi boʻlib, Oʻzini namoyon etgan.
5 Shohlar toʻplandilar,
Birgalashib Sion togʻiga qarshi yurdilar.
6 Uni koʻrdilar–u, shoshib qoldilar,
Vahimaga tushib, qochib qoldilar.
7 Tugʻayotgan xotin tortganday dard
Oʻsha yerda ularni titroq bosdi.
8 Sharqdan shamol esib,
Tarshish kemalarini parchalaganday,
Sen ularni qirib tashlading.
9 Xudo nima qilganini biz eshitdik.
Nima eshitgan boʻlsak, endi oʻshani
Xudoyimiz, Sarvari Olamning shahrida koʻrdik.
Bu shaharni Xudo to abad saqlar.
10 Ey Xudo, Maʼbading ichida
Sodiq sevging haqida oʻylaymiz.
11 Ey Xudo, madhing ham dongʻing kabi,
Yerning toʻrt tomoniga yoyilgan,
Oʻng qoʻling adolat ila toʻlib–toshgan.
12 Sening hukmlaringdan
Sion togʻi shod boʻlsin,
Yahudo shaharlari sevinsin!
13 Ey Isroil xalqi,
Quddus tevaragida yuring.
Atrofida aylanib,
Uning minoralarini sanab chiqing.
14 Sionning istehkomlariga eʼtibor bering,
Uning qoʻrgʻonlariga qarang!
Bularni koʻrib, kelgusi avlodlarga hikoya qiling:
15 “Xudo oʻsha istehkomlarga oʻxshaydi.
U to abad bizning Xudoyimizdir,
U to abad bizning yoʻlboshchimiz boʻladi.”
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020