46–SANO
1 Ijrochilar rahbariga. Koʻrax naslining sanosi.
2 Ey xalqlar! Hammangiz qarsak chaling,
Sevinch hayqiriqlari ila Xudoni kuylang!
3 Qoʻrqinchlidir Xudoyi Taolo — Egamiz,
Butun yer yuzida Udir ulugʻ Shohimiz.
4 Xalqlarni U bizga itoat ettirdi,
Elatlarni oyogʻimiz ostiga tashladi.
5 Oʻzi suygan Yoqubning faxrli mulkini
Egamiz biz uchun yurt qilib tanladi.
6 Shodlik hayqiriqlari ostida Xudo taxtga chiqdi,
Karnay sadosi ostida Egamiz taxtiga oʻtirdi.
7 Hamdu sano kuylang Xudoga, madhlar kuylang!
Ha, Shohimizga madhlar kuylang! Hamdu sano kuylang!
8 Butun yer yuzining shohidir Xudo,
Unga ajoyib hamdu sano kuylang!
9 Jamiki uluslarning shohidir Xudo,
Muqaddas taxtida oʻtiribdi Xudo!
10 Ibrohim Xudosining xalqi bilan birga
Toʻplanarlar xalqlarning hukmdorlari.
Zaminning shohlari — Xudoniki,
Gʻoyat baland yuksalgandir U.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020