4–SANO
1 Ijrochilar rahbariga. Torli asboblar joʻrligida aytiladigan Dovud sanosi.
2 Ey mening odil Xudoyim!
Iltijo qilganimda javob ber!
Kulfatda qolganimda meni ozod qilding.
Menga shafqat qilib, ibodatimni eshit.

3 Ey insonlar, qachongacha shaʼnimni yerga urasiz?!
Qachongacha puch soʻzlarga koʻngil bogʻlaysiz?!
Qachongacha yolgʻonlarni izlab yurasiz?!
4 Unutmangki, Egamiz Oʻzi uchun tanlaydi taqvodorni,
Iltijo qilganimda, Egamiz eshitadi meni.
5 Hatto gʻazablanganingizda ham gunoh qilmang ,
Tunda yotganingizda oʻylang, sukut saqlang.
6 Munosib qurbonliklar keltiring,
Umidingizni Egamizga bogʻlang.

7 Koʻp odamlar aytadi:
“Yaxshi zamonlarni kim bizga koʻrsatadi?!” deb.
Ey Egam, jamoling bizga nurlarini sochsin!
8 Don va sharobi moʻl boʻlganlar quvonadi,
Sen yuragimga undan ham koʻproq shodlik berding.
9 Yotganimda xotirjam uxlayman,
Ey Egam, yolgʻiz Sen meni omon saqlaysan.