38–SANO
1 Ijrochilar rahbari Yodutunga . Dovud sanosi.
2 Oʻzimga oʻzim shunday deyman:
“Yurar yoʻllarimni kuzatib boray,
Gunoh soʻzdan tilimni tiyib yuray,
Fosiqlar hamon oʻrab turarkan meni,
Qulf urib yopib olay ogʻzimni.”
3 Jim turdim, sukut saqladim,
Soʻzlashdan boʻyin tovladim,
Oshib boraverdi dardim.
4 Qizib ketaverdi ichim,
Oʻylaganim sari oʻrtandi koʻnglim,
Oxiri tilimni tiya olmay yolvordim:
5 “Ey Egam, umrim nihoyasini ayon qilgin,
Qancha kunim qolganini ayon qilgin,
Umrim qancha qisqaligini bilayin.
6 Yelday oʻtib ketguvchi umr bergansan,
Sening nazaringda umrim bir lahzadir,
Har kimning umri bir nafasdir.
7 Har kimning umri soyaday oʻtib ketar,
Insonning harakati behuda boʻlar,
Boylik yigʻar, lekin bilmas
Kim boylikka egalik qilar.
8 Kimdan men umid qilay endi, yo Rabbiy?
Sendadir mening barcha umidim.
9 Xalos qilgin meni gunohlarimdan,
Kulmasin ahmoqlar mening ustimdan.
10 Sukut saqlayman, ogʻzimni ochmayman,
Axir, Sen Oʻzing meni shu ahvolga solding.
11 Mendan ofatlaringni uzoq qilgin,
Sening zarbalaringdan oʻlay, dedim.
12 Gunohlari uchun insonni jazolab,
Unga tanbeh berasan.
Kuya yeganday qadrli narsalarini yoʻq qilasan.
Shubhasiz, inson bir nafasda oʻtib ketadi.
13 Ey Egam, ibodatimni eshitgin,
Nolayu faryodimga quloq solgin.
Koʻz yoshlarimga befarq boʻlmagin.
Axir, men Sening oʻtkinchi mehmoningman,
Otalarim kabi musofirman.
14 Qahrli nigohingni mendan oʻgirgin,
Toki yana xursand boʻlayin
Bu olamdan oʻtib yoʻq boʻlmasimdan oldin.”
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020