31–SANO
Dovud qasidasi .
1 Itoatsizligi kechirilganlar baxtlidir,
Egamiz kimning gunohidan oʻtgan boʻlsa,
Oʻsha inson baxtlidir.
2 Egamiz kimning aybini yozmagan boʻlsa,
Oʻsha inson baxtlidir,
Ruhida hiyla boʻlmaganlar baxtlidir.
3 Ey Egam, gunohimni boʻynimga olmay, rad qilganimda,
Tanam qoq suyak boʻlib qolgandi,
Kun boʻyi oh–voh qilib chiqardim.
4 Kechayu kunduz tarbiya berishdan toʻxtamading,
Saraton issigʻidagiday madorim qurib qoldi.
5 Endi oldingda gunohimni eʼtirof etdim,
Aybimni yashirmay, oʻzim aytdim:
“Egam oldida itoatsizligimni boʻynimga olaman.”
Sen esa mening gunohimni kechirding.
6 Shu bois har bir taqvodor
Vaqt borida Senga ibodat qilsin.
Shunda azim suvlar toʻfoni
Taqvodorlarga yetib bormas.
7 Sen mening panohimsan,
Meni kulfatlardan Sen asraysan,
Najot qoʻshigʻi ila meni oʻraysan.
8 Egamiz aytar: “Sizlarga Men yoʻl koʻrsataman,
Yuradigan yoʻllaringizni oʻrgataman,
Maslahat beraman, sizlarni kuzataman.
9 Ongsiz ot yoki xachir kabi boʻlmanglar,
Ularni yoʻlga solmoq uchun suvluq, jilov kerak,
Boʻlmasa ular yoningizga kelmaydi.”
10 Fosiqning azobi koʻpdir,
Lekin Egamizdan umidvorlarni
Sodiq sevgi qurshab oladi.
11 Ey solihlar, Egamiz tufayli shodlaning, quvoning!
Ey barcha koʻngli poklar, shodlikdan kuylang!
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020