29–SANO
1 Dovud sanosi. Egamizning uyi bagʻishlangan paytda aytilgan qoʻshiq.
2 Ey Egam, Seni ulugʻlayman!
Qabr ogʻzidan meni qutqarding,
Dushmanlarim mening ustimdan kulishiga yoʻl qoʻymading.
3 Sendan madad soʻrab yolvordim, ey Egam Xudo,
Menga Sen berding shifo.
4 Ey Egam, oʻliklar diyoridan jonimni olib chiqding,
Qabrdan meni qutqarib qolding.
5 Ey Egamizning taqvodorlari!
Egamizga hamdu sano kuylanglar,
Uning muqaddas nomini olqishlang.
6 Egamizning gʻazabi bir lahza davom etadi,
Lutfu karami bir umr tugamasdir.
Shu bois qaygʻu–alam tun boʻyi davom etsa ham,
Tong bilan birga shodlik ham kirib keladi.
7 Ishlarim yurishganda,
“Aslo qoqilmasman!” der edim.
8 Ey Egam, lutfu karaming bilan
Meni togʻday mustahkam qilganding.
Ammo yuzingni oʻgirganingda,
Men dahshatga tushdim.
9 Ey Egam, men Senga iltijo qildim,
Shafqat soʻrab, ey Rabbiy, Senga yolvordim:
10 Agar men kirib ketsam qabrga,
Mening oʻlimimdan ne foyda Senga?!
Tuproq Senga hamdu sano aytarmi?!
Sening sodiqligingni u soʻylarmi?!
11 Eshit, ey Egam, menga rahm qilgin,
Ey Egam, menga madadkor boʻlgin!
12 Azamni Sen toʻyga aylantirding,
Aza libosini egnimdan olib tashlading,
Shodlikni menga kiygizding.
13 Qalbim sukut saqlamay, Seni kuylab sano oʻqisin,
Ey Egam Xudo, Senga to abad shukur aytaman.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020