27–SANO
Dovud sanosi.
1 Senga iltijo qilaman, ey Egam,
Meni eshitmay qolmagin, ey suyangan Qoyam.
Agar menga gapirmay sukut saqlasang,
Qabrga tushgan odam kabi boʻlib qolaman.
2 Eshitgin, Senga iltijo qilaman.
Muqaddas maskaningga qoʻllarimni choʻzib,
Faryod qilib, Sendan madad soʻrayman.
3 Meni fosiqlarning qatoriga qoʻshmagin,
Ularning qilmishlari yomonlikdir,
Qoʻshnilariga tilyogʻlamalik qiladi,
Yuraklarida esa yovuz niyatdir.
4 Qilmishiga yarasha ularga jazo bergin,
Iflosliklariga yarasha jazolagin.
Qabih ishlariga yarasha adabini bergin,
Xizmatiga yarasha ularga qaytargin.
5 Ey Egam, ular ishlaringni qadrlamas,
Sening ijodingga eʼtibor qilmas,
Sen ularni yiqitasan,
Ular qaytib tiklanolmas.
6 Olqishlar boʻlsin Egamizga,
Iltijolarimni U eshitdi.
7 Egam — mening qudratim, qalqonimdir,
Yurakdan Unga umid bogʻlaganman.
Egam menga madad berdi, baxtiyorman.
Qoʻshigʻim ila Unga shukrona aytaman.
8 Egamiz Oʻz xalqining qudratidir,
Oʻzi tanlagan shohning najot qoʻrgʻonidir.
9 Xalqingga najot ber, ey Egam,
Oʻz elatingga baraka bergin.
Ularning choʻponi boʻlgin,
To abad ularga gʻamxoʻrlik qilgin.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020