25–SANO
Dovud sanosi.
1 Ey Egam, toʻgʻri yurganim uchun
Meni oqlagin.
Qoqilmasdan Senga tayandim.
2 Sinab, imtihon qil meni, ey Egam!
Yuragimni, niyatimni sinab koʻr!
3 Sening sodiq sevging koʻz oʻngimdadir,
Senga doim sodiqman .
4 Yolgʻonchilarga men sherik boʻlmayman,
Munofiqlar bilan doʻst boʻlmayman.
5 Fosiqlar toʻdasidan nafrat etaman,
Qabihlarga men sherik boʻlmayman.
6 Namoyon qilmoq uchun aybsizligimni
Qoʻllarimni yuvaman, ey Egam.
Qurbongohing atrofida yuraman,
7 Baland ovoz ila shukrona qoʻshigʻini kuylayman,
Jamiki moʻjizalaring haqida aytaman.
8 Ey Egam, sevaman Sen maskan qilgan uyni,
Ulugʻvorliging porlagan joyni.
9 Gunohkorlar qatori jonimni olma,
Qonxoʻrlar qatori hayotimga chek qoʻyma.
10 Ularning qoʻllari tuzadi yovuz reja,
Oʻng qoʻllari poraga toʻla.
11 Men esa pok hayot kechiraman,
Qutqar meni, qil menga shafqat.
12 Toʻgʻri yoʻldan ogʻmayman,
Ey Egam, ulugʻ yigʻinlarda Seni olqishlayman.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020