24–SANO
Dovud sanosi.
1 Yuragimni ochaman Senga, ey Egam!
2 Senga umid bogʻlayman, ey Xudoyim!
Sharmanda boʻlishimga yoʻl qoʻymagin,
Dushmanlarim mendan ustun kelmasin.
3 Senga ishonganlar aslo boʻlmasin sharmanda.
Sharmandalik kelsin
Senga asossiz xiyonat qilganlarning boshiga.
4 Ey Egam, yoʻllaringni menga koʻrsat,
Soʻqmoqlaringni menga oʻrgat.
5 Oʻzing meni boshlab borgin,
Haqiqatingni menga oʻrgatgin,
Najotkorim Xudo Oʻzingsan,
Kun boʻyi Sendan umid qilaman.
6 Yodingda tut, ey Egam, buyuk shafqatingni
Hamda sevgida sodiqligingni.
Axir, azaldan Sen shunday qilgansan.
7 Yoshlikda qilgan gunohlarimni esga olmagin,
Itoatsizliklarim uchun meni jazolamagin.
Sodiq sevging haqi yodga ol meni,
Axir, Sen yaxshisan, ey Egam!
8 Egamiz yaxshi, adolatlidir!
U gunohkorlarga yoʻl–yoʻriq koʻrsatadi.
9 U kamtarni toʻgʻrilikka boshlaydi,
Kamtarin insonni Oʻz yoʻliga oʻrgatadi.
10 Egamiz qilgan har ishi orqali
Uning ahdiga rioya qilganlarga
Sevgisiyu sadoqatini koʻrsatadi.
11 Mening ayblarim koʻp.
Ey Egam, Oʻz noming haqi
Ayblarimni kechirgin.
12 Agarda inson Egamizdan qoʻrqsa,
Egamiz unga toʻgʻri yoʻl tanlashni oʻrgatadi.
13 Oʻsha inson umrini farovonlikda oʻtkazadi,
Uning nasli yurtni mulk qilib oladi.
14 Egamiz Undan qoʻrqadiganlarga
Oʻz niyatlarini ishonib bildiradi,
Oʻz ahdini ularga maʼlum qiladi.
15 Nigohim doimo Egam tomondadir,
U oyoqlarimni tuzoqdan xalos qiladi.
16 Ey Egam, holimga boq, mehribonlik qil.
Men yolgʻizman, tushkunlikka tushganman.
17 Yurakdagi gʻamlarim ortib bormoqda,
Shu kulfatdan meni qutqargin.
18 Kulfatu gʻamlarimni koʻrib,
Barcha gunohlarimdan oʻtgin.
19 Qara, dushmanlarim naqadar koʻp,
Mendan qattiq nafrat qilarlar.
20 Hayotimni asra, qutqargin meni,
Sharmandali ahvolga solmagin meni,
Zotan, Senda panoh topaman men.
21 Haqqoniylik, toʻgʻrilik saqlasin meni,
Zotan, Sendan umid qilaman men.
22 Ey Xudo, qutqargin Isroilni
Jamiki kulfatlaridan!
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020