23–SANO
Dovud sanosi.
1 Egamiznikidir zamin, undagi butun borliq,
Olamu unda yashovchi jamiki jonzot.
2 U olamni oʻrnatgan dengizlar uzra,
Mustahkam qilgan uni ummonlar uzra .

3 Kim turishi mumkin Egamizning muqaddas makonida?
Kim chiqishi mumkin Uning tepaligiga?
4 Qoʻli halol, qalbi toza insonlar,
Soxta narsalarga koʻngil qoʻymaganlar,
Yolgʻondakam ont ichmaganlar.
5 Egamiz ularga baraka beradi,
Najotkor Xudo ularni oqlaydi.
6 Egamizga yuz burgan jamoa oʻshandaydir.
Ha, Xudoga intilgan Yoqub nasli shundaydir.

7 Qaddingizni rostlang, ey darvozalar!
Ochilinglar, ey azaliy eshiklar!
Toki kira qolsin ulugʻvor Shoh!
8 U ulugʻvor Shoh kim ekan?
Janglarda gʻolib boʻlgan,
Kuchli, qudratli Egamiz Shohdir!
9 Qaddingizni rostlang, ey darvozalar!
Ochilinglar, ey azaliy eshiklar!
Toki kira qolsin ulugʻvor Shoh!
10 U ulugʻvor Shoh kim ekan?
Sarvari Olamning Oʻzi ulugʻvor Shohdir.