19–SANO
1 Ijrochilar rahbariga. Dovud sanosi.
2 Kulfatda qolganingda, Egamiz senga javob bersin,
Bobomiz Yoqubning Xudosi seni tinch–omon saqlasin.
3 Muqaddas maskanidan U senga madad yuborsin,
Quddusdan U senga tayanch boʻlsin.
4 U sening hamma nazrlaringni yodda tutsin,
Kuydirilgan qurbonliklaringni qabul etsin.
5 Koʻngling istaganini Egamiz senga inʼom qilsin,
Hamma rejalaringni roʻyobga chiqarsin.
6 Shunda biz zafaringni sevinch ila kuylaymiz,
Xudoyimiz nomi bilan bayroqlar oʻrnatamiz,
Hamma iltijolaringni Egamiz roʻyobga chiqarsin.

7 Bilaman, Egamiz Oʻzi tanlagan shohga najot beradi,
Egamiz muqaddas samosidan unga javob beradi,
Egamiz oʻng qoʻli bilan unga buyuk gʻalaba ato qiladi.
8 Baʼzilar jang aravalariga ishonadi,
Baʼzilar otlari bilan maqtanadi,
Biz esa Egamiz Xudoga ishonamiz.
9 Ular holsizlanib yiqiladilar,
Biz esa kuchayib qad rostlaymiz.

10 Ey Egam, shohimizga ato qilgin gʻalaba,
Iltijo qilganimizda, javob bergin bizga .