18–SANO
1 Ijrochilar rahbariga. Dovud sanosi.
2 Xudoning shuhratini samolar namoyon qiladi,
Uning ijodini falak toqi aytib turadi.
3 Osmon kundan–kunga buni bildiradi,
Har tun bundan xabardor qiladi.
4 Samo, falak aytmas bir gap, yo bir jumla,
Chiqmas ulardan hech bir sado.
5 Ammo xabarlari har tomonga tarqaladi,
Olamning chetigacha yetib boradi.

Xudo samolarda quyosh uchun chodir qurgan.
6 Quyosh goʻshangadan chiqqan kuyovga oʻxshaydi.
Qahramonlarga oʻxshab gʻayrat bilan yoʻlagidan boradi.
7 Samolarning bir chetidan u chiqib,
Aylanib, boshqa bir chetiga yoʻl oladi,
Uning taftidan hech narsa yashirina olmaydi.

8 Egamizning qonuni mukammaldir,
Bizga yangi kuch ato etadi,
Egamizning farmonlari ishonchlidir,
Soddalarga donolik beradi.
9 Egamizning buyruqlari toʻgʻridir,
Qalblarni shodlikka toʻldiradi,
Egamizning amrlari ravshandir,
Ular koʻzlarga nur beradi.
10 Egamizdan qoʻrqish poklikdir,
Bu to abad davom etadi.
Egamizning qoidalari haqiqatdir,
Hammasi gʻoyat adolatlidir.
11 Ular sof oltindan ham aʼlodir,
Toza asaldan ham shirinroqdir.

12 Ey Egam, qoidalaring menga, Oʻz qulingga oʻgit beradi,
Qoidalaringga itoat etganlar buyuk mukofot oladi.
13 Kim oʻz xatosini bila oladi?!
Yashirin xatolardan meni Oʻzing poklagin.
14 Men, qulingni oshkora gunohdan saqlagin,
Ustimdan gunoh hokim boʻlmasin.
Shunda men aybsiz boʻlaman,
Ogʻir gunohdan ham xoli boʻlaman.

15 Ey Egam, suyangan Qoyam, Qutqaruvchim!
Ogʻzimdan chiqqan soʻzlar,
Yurakdagi niyatlarim Senga maʼqul boʻlsin.