16–SANO
Dovud ibodati.
1 Ey Egam, haqli daʼvoimni eshit,
Faryodimga eʼtibor ber.
Hiylasiz ogʻzimdan chiqqan
Ibodatimga quloq tut.
2 Begunohligimni koʻrsatgin Sen,
Adolatni koʻrsin koʻzlaring.

3 Hatto yuragimni taftish qilib,
Tunda meni sinab koʻrsang,
Agar meni imtihon qilsang,
Yomon niyatni menda topa olmasding.
Ogʻzim gunoh qilmas, qarorim shudir.
4 Insonlar qilmishini men qilmadim,
Sening amringga men itoat etdim,
Zoʻravonning yoʻllaridan oʻzimni saqladim.
5 Qadamlarim soʻqmoqlaringda sobit boʻldi,
Oyoqlarim hech qachon toyib ketmadi.

6 Senga iltijo qilaman, ey Xudo,
Bilaman, Sen menga javob berasan.
Menga quloq tutib, soʻzlarimni eshitgin.
7 Sodiqligingni zohir et ajoyib ishlar ila.
Raqiblardan qochib Senga borganlarga
Oʻng qoʻling bilan najot berguvchi Sensan.
8 Meni koʻzlaring qorachigʻiday asragin,
Meni qanotlaring soyasida yashirgin,
9 Meni talaydigan fosiqlardan asragin,
Atrofimda shay turgan ashaddiy yovlarimdan yashirgin.
10 Ularning yuragida shafqatga joy yoʻq,
Ogʻizlari bilan kiborlarcha gapiradi.
11 Ular meni taʼqib qilib, oʻrab olganlar,
Yerga urmoq uchun menga koʻzlarini tikadi.
12 Dushmanlarim meni gʻajimoqchi boʻlgan sherga oʻxshaydi,
Pana joyda pisib yotgan yirtqich sherga oʻxshaydi.

13 Kel, ey Egam! Ularga qarshi yuz bur,
Tiz choʻktirgin ularni!
Qiliching ila fosiqlardan qutqargin meni!
14 Ey Egam! Qudrating ila
Meni bunday insonlardan qutqargin,
Ularning nasibasi faqatgina bu dunyodadir.
Tayyorlab qoʻygan achchiq koʻrgiliklaring bilan
Ularni toʻydirgin,
Hatto bolalariga ham yetsin,
Nabiralari ham totib koʻrsin.

15 Solih boʻlganim uchun men Seni koʻrgayman,
Uygʻonib, jamolingni koʻrganimdan rozi boʻlgayman.