149–SANO
1 Egamizga hamdu sanolar boʻlsin!
Egamizga yangi bir qoʻshiq ayting,
Taqvodorlar jamoasiga hamdu sano ayting.
2 Isroil oʻz Yaratuvchisi tufayli quvonsin,
Quddus xalqi oʻz Shohidan shod boʻlsin.
3 Egamizga ular raqs ila hamdu sano aytsin,
Doira, lira Unga atab kuy chalsin.
4 Egamiz Oʻz xalqidan xushnuddir,
Mazlumlarga najotni toj qilib kiydiradi.
5 Erishgan sharafi tufayli taqvodorlar shod boʻlsin,
Toʻshaklarida yotganlarida shodlanib qoʻshiq aytsin.
6 Xudoga hamdu sano tillaridan tushmasin,
Qoʻllarida dudama qilichlar boʻlsin,
7 Toki yot xalqlardan qasos olsin,
Elatlarga jazosini bersin,
8 Ularning shohlarini zanjirband qilsin,
Aslzodalariga temir kishanlar solsin.
9 Ular ustidan Xudoning hukmini ijro etsin,
Taqvodorlari uchun sharaf shudir.
Egamizga hamdu sanolar boʻlsin!
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020