144–SANO
Dovudning hamdu sanosi.
1 Ey Xudoyim, Shohim! Seni ulugʻlayman!
To abad Sening nomingni olqishlayman!
2 Har kuni Seni olqishlayman,
Senga to abad hamdu sano aytaman.

3 Egamiz buyukdir, madh etilsin yanada,
Aql yetmas Uning buyukligiga.

4 Ey Egam, bir nasl boshqasiga maqtar ishlaringni,
Ular eʼlon qilar qudratli ishlaringni.
5 Ular shonli dabdabangni, ulugʻvorligingni soʻylaydilar,
Men esa ajoyib moʻjizalaring haqida oʻylayman .
6 Odamlar qoʻrqinchli ishlaring qudrati haqida aytadilar,
Men esa buyukligingni eʼlon qilgayman.
7 Insonlar cheksiz ezguligingni xotirlab, gapiraveradilar.
Adolatingni ular sevinch ila kuylaydilar.

8 Egamiz inoyatli, rahmdildir,
Jahli tez chiqmaydi, sodiq sevgisi moʻldir.
9 Egamiz har kimsaga himmat qilar,
Yaratganlarining har biriga shafqat aylar.

10 Ey Egam, jamiki yaratganlaring Senga shukur aytar,
Jamiki taqvodorlaring Senga olqishlar kuylar.
11 Saltanating shuhratini ular hikoya qilar,
Sening qudrating haqida ular soʻylab yurar.
12 Hammani qudratli ishlaringdan,
Saltanating shuhratiyu dabdabasidan xabardor qilar.
13 Sening saltanating abadiy shohlikdir,
Hukmronliging nasllar osha davom etar .

14 Yiqilayotganlarga Egamiz tayanch boʻladi,
Ikki bukilganlarning qaddini rostlaydi.

15 Ey Egam, hammaning koʻzi umid bilan Senga tikilar,
Oʻz paytida ularning rizqini berasan.
16 Sen qoʻlingni ochib,
Jamiki jonzotning istagini qondirasan.

17 Egamiz hamma yoʻllarida adolat qilar,
Hamma ishlarida sevgisini koʻrsatar.
18 Egamiz Oʻziga yolvorganlarning yonidadir,
Chin dildan iltijo qilganlarning yonidadir.
19 Undan qoʻrqqanlarning tilagini Egamiz qondirar,
Ularning nolasini eshitib, ularga najot berar.
20 Egamiz Oʻzini sevuvchilarni asraydi,
Hamma fosiqlarni qirib tashlaydi.

21 Egamizning hamdu sanosi doimo tilimda boʻladi,
Jamiki jonzot Uning muqaddas nomini to abad olqishlaydi.