137–SANO
Dovud sanosi.
1 Ey Egam, chin dildan Senga shukrona aytaman,
Farishtalar oldida Sening madhingni kuylayman.
2 Muqaddas Maʼbading oldida sajda qilaman,
Sodiq sevging, sadoqating uchun Oʻzingga shukrona aytaman,
Nomingni ham, soʻzingni ham har narsadan yuqori qoʻygansan.
3 Chaqirganimda, menga javob bergansan,
Qudrating bilan meni jasur qilgansan.
4 Ey Egam, zamin shohlari Senga shukur aytadi,
Ogʻzingdan chiqqan soʻzlarni ular eshitganlar.
5 Ey Egam, ishlaringni ular kuylasinlar!
Zero, Sening shuhrating buyukdir!
6 Garchi Sen yuksak boʻlsang–da, xor boʻlganlarga boqasan,
Kiborlarni Sen uzoqdan ham bilasan.
7 Kulfatda yursam ham, dushmanlarim gʻazabidan saqlaysan,
Oʻng qoʻlingni uzatib, meni qutqarasan.
8 Ey Egam, men uchun qasos olasan .
Sodiq sevging to abad davom etar,
Oʻzing yaratganlarni tark etmagin.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020