131–SANO
Ziyorat qoʻshigʻi.
1 Ey Egam, eslagin Dovudni,
U tortgan barcha azob–uqubatlarni!
2 Ey Egam, u Senga qasam ichgandi.
Ey Yoqubning qudratli Xudosi,
U Senga vaʼda bergandi:
3 “Men aslo uyimga kirmayman,
Yoki oʻrnimga yotmayman.
4 Koʻzlarimga uyqu bermayman,
Qovoqlarim yumilishiga yoʻl qoʻymayman.
5 Egamiz uchun bir joy topmagunimcha,
Yoqubning qudratli Xudosi uchun
Bir maskan boʻlmaguncha aslo dam olmayman.”

6 Ahd sandigʻi Efratda , deb eshitgandik,
Biz uni Yoʻr dalalarida topib oldik.
7 “Egamizning maskaniga boraylik,
Uning poyiga sajda qilaylik”, dedik.

8 Qani, kel, ey Egam, oromgohingga
Qudrating ramzi boʻlgan Sandiq bilan birga.
9 Ruhoniylaring solihlikni kiysinlar,
Taqvodorlaring shodlikdan kuylasinlar!

10 Oʻz quling Dovudning haqi–hurmati,
Tanlagan shohingni rad qilmagin.
11 Ey Egam, Sen Dovudga ont ichgan eding,
Sen shu ontingdan aslo qaytmay deysan:
“Oʻzingdan bino boʻlgan oʻgʻillaringdan
Birini sening taxtingga oʻtqazaman.
12 Agar oʻgʻillaring Mening ahdimga rioya qilsa,
Ularga oʻrgatgan amrlarimga itoat etsa,
Ularning oʻgʻillari ham
Shoh boʻlib, to abad sening taxtingda oʻtiradi.”

13 Ey Egam, Sen Quddusni tanlagansan,
U yerni Oʻzingga maskan qilishni istagansan.
14 Sen shunday deding:
“Men to abad yashaydigan joy shu joydir,
Bu yerda istiqomat qilishni istaganman.
15 Uning ozuqalariga moʻl qilib baraka beraman,
U yerdagi faqirlarni toʻydiraman.
16 Ruhoniylarni najotga burkayman,
Taqvodorlari shodlikdan kuylaydilar!
17 Dovudning naslini bu yerda koʻkartiraman,
Oʻzim tanlagan shohning chirogʻini oʻchirmayman.
18 Uning gʻanimlarini sharmandalikka oʻrayman,
Shohning boshidagi toji esa porlab turaveradi.”