121–SANO
Dovudning ziyorat qoʻshigʻi.
1 “Egamizning uyiga boraylik”, deb
Menga aytganlarida shod boʻldim.
2 Mana turibmiz, ey Quddus,
Darvozalaring ichkarisida.
3 Quddus yaxshi qurilgan shahardir,
Devorlari bir–biriga tutashtirib solingandir.
4 Isroil xalqiga berilgan qonunga koʻra,
Qabilalar u yerga chiqib borarlar!
Ha, Egamizning qabilalari
Unga shukur aytmoq uchun chiqib borarlar!
5 U yerda hukm taxtlari oʻrnashgan,
Ha, Dovud xonadonining taxtlari
U yerda joylashgan.
6 Duo qiling Quddusning tinchligi uchun:
“Uni sevganlar huzur–halovat topsin.
7 Devorlari ichida tinchlik boʻlsin,
Qalʼalari bexatar boʻlsin.”
8 Qarindoshlarim, doʻstlarim haqi–hurmati,
Quddusga tinchlik boʻlsin, deya aytaman.
9 Egamiz Xudoning uyi haqi–hurmati
Quddusning iqbolini izlayman.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020