114–SANO
1 Egamni sevaman, U meni eshitadi,
Mening iltijolarimni U tinglaydi.
2 Quloq berib meni tinglagani uchun
Umrim boʻyi Egamga iltijo qilaman.
3 Meni oʻlim toʻrlari oʻrab oldi,
Oʻliklar diyorining azoblari boshimga tushdi,
Meni bosdi dardu gʻam, alamlar.
4 Shunda Egamga iltijo qildim:
“Ey Egam, yolvoraman, meni qutqargin!”
5 Egamiz mehribon, odildir,
Xudoyimiz rahmdildir.
6 Egamiz sodda insonlarni himoya qiladi,
Xavf–xatarda qolganimda, U meni qutqaradi.
7 Ey jonim, yana xotirjam boʻlgin,
Egam menga ezgulik qilgan.
8 Egam jonimni oʻlimdan qutqarib qoldi,
Koʻzlarimni yosh toʻkishdan,
Oyogʻimni qoqilishdan qutqardi.
9 Tiriklar diyorida ekanman
Egamning yoʻlidan yuraveraman.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020