111–SANO
1 Egamizga hamdu sanolar boʻlsin!
Baxtlidir Egamizdan qoʻrqadigan odam,
Uning amrlarini bajarib zavq oladigan odam!
2 Bunday odamning avlodi yurtda qudratli boʻladi,
Toʻgʻri odamning nasli baraka topadi.
3 Uning uyida moʻlchilik, boylik boʻladi,
Uning solihligi to abad davom etadi.
4 Hatto zulmatda ham toʻgʻri insonga nur yogʻiladi,
Rahmdil, mehribon, solih odamga yogʻdu sochiladi.
5 Yaxshi odam saxiy, qarz beradi,
Adolat bilan ish yuritadi.
6 Solih hech qachon tebranmaydi,
U to abad unutilmaydi.
7 U yomon xabardan qoʻrqmaydi,
Butun yurakdan Egamizga umid bogʻlaydi.
8 Yuragi barqarordir, qoʻrquv nimaligini bilmaydi,
Oxiri dushmanlarining magʻlubiyatini oʻz koʻzi bilan koʻradi.
9 Boyligini muhtojlarga saxiylik ila taqsimlaydi,
Uning solihligi to abad davom etadi.
U qudratli, hurmatli boʻladi.
10 Fosiqlar buni koʻrib, gʻazabga minadi,
Alam qilganidan tishlarini gʻichirlatadi–yu,
Ammo kuchdan qoladi.
Ha, fosiqlarning istagi puchga chiqadi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020