110–SANO
1 Egamizga hamdu sanolar boʻlsin!
Solihlar jamoasida boʻlganimda,
Butun qalbimdan Egamga shukur aytaman.
2 Egamizning ishlari buyukdir,
Ulardan lazzat oluvchilar ular haqda fikr yuritadilar.
3 Egamizning ishlari ulugʻvor, haybatlidir,
Uning adolati to abad davom etadi.
4 Egamiz unutilmas ajoyibotlarni yaratdi,
U rahmdil va shafqatlidir.
5 Oʻzidan qoʻrqqanlarga rizq–roʻzini beradi,
Oʻz ahdini doimo yodida tutadi.
6 Xalqiga qudratli ishlarini koʻrsatdi,
Boshqa xalqlar yerini ularga berdi.
7 Hamma ishlarida sodiq, adolatlidir,
Uning hamma amrlari ishonchlidir.
8 Ularning hammasi to abad mustahkam turadi,
Egamiz ularni sadoqat, toʻgʻrilik ila ijro qildi .
9 U xalqini qutqardi,
To abad ahdi bilan ularni Oʻziga bogʻladi.
Uning nomi muqaddas, qoʻrqinchlidir.
10 Egamizdan qoʻrqish donolikning boshidir,
Bunday yoʻl tutganlarning aqli rasodir,
Uning hamdu sanolari to abad davom etadi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020