106–SANO
1 Egamizga shukrona ayting, U yaxshidir,
Uning sodiq sevgisi abadiydir.
2 Shunday desin Egamizdan najot topganlar,
U kulfatdan qutqargan odamlar.
3 Axir, Egamiz ularni sharqu gʻarbdan,
Shimolu janubdan toʻplagan,
Koʻp yurtlardan ularni yigʻib kelgan.

4 Baʼzilari choʻlu biyobonda tentirab yurdilar,
Yashash uchun biron shaharga yoʻl topmadilar.
5 Och, tashna holda qoldilar,
Sal boʻlmasa oʻlayozdilar.
6 Kulfatda qolganlarida Egamizga nola qildilar,
Egamiz ularni azob–uqubatlardan qutqardi.
7 Ular yashaydigan shaharga borgunga qadar,
Egamiz ularni toʻgʻri yoʻldan yetakladi.
8 Sodiq sevgisi uchun ular Egamizga shukrona aytsin!
Egamizning insoniyatga koʻrsatgan ajoyib ishlari uchun shukur qilsin!
9 Zotan, U qondirar tashna boʻlganlarni,
Toʻydirar neʼmatlar bilan ochlarni.

10 Baʼzilari zimziyo zulmatda oʻtirardilar,
Asir boʻlib, kishanda azob chekardilar.
11 Ular Xudoning soʻzlariga qarshi isyon qilgandilar,
Xudoyi Taoloning yoʻl–yoʻriqlarini mensimadilar.
12 Shu bois Xudo ularni ogʻir ishlarga majbur etdi,
Ular yiqilganda, yordam berishga biron kimsa boʻlmadi.
13 Kulfatda qolganlarida Egamizga nola qildilar,
Egamiz ularni azob–uqubatlardan qutqardi.
14 Ularni zimziyo zulmatdan olib chiqdi,
Ularning kishanlarini parcha–parcha qildi.
15 Sodiq sevgisi uchun ular Egamizga shukrona aytsin!
Egamizning insoniyatga koʻrsatgan ajoyib ishlari uchun shukur qilsin!
16 Zotan, U bronza darvozalarni sindirar,
Temir tambalarni ikkiga boʻlib tashlar.

17 Baʼzilari ahmoq boʻlib, itoatsizlik qildilar,
Gunohlari tufayli azobga duchor boʻldilar.
18 Har qanday ovqatdan jirkanar edilar,
Oʻlim ogʻziga yaqinlashib qolgan edilar.
19 Kulfatda qolganlarida Egamizga nola qildilar,
Egamiz ularni azob–uqubatlardan qutqardi.
20 Egamiz gapirib, ularga shifo berdi,
Qabrdan ularni saqlab qoldi.
21 Sodiq sevgisi uchun ular Egamizga shukrona aytsinlar!
Egamizning insoniyatga koʻrsatgan ajoyib ishlari uchun shukur qilsinlar!
22 Ular shukrona qurbonligini keltirsinlar,
Uning ishlarini shodon qoʻshiqlarda kuylasinlar.

23 Baʼzilari kemalarda dengizga chiqdilar,
Vahimali suvlar uzra savdo qildilar.
24 Ular Egamizning ishlarini,
Chuqur suvda Uning moʻjizalarini koʻrdilar.
25 U amr berganda, boʻron qoʻzgʻaldi,
Dengiz toʻlqinlari baland koʻtarildi.
26 Kema osmonga koʻtarilib, yana chuqur suvga tushdi,
Falokatdan kemadagilar bemajol boʻlib qoldi.
27 Ular mast kabi dovdirab aylandi,
Mahoratlari foyda bermadi.
28 Kulfatda qolganlarida Egamizga nola qildilar,
Egamiz ularni azob–uqubatlardan qutqardi.
29 U boʻronni shabadaga aylantirdi,
Dengiz toʻlqinlari sukutga choʻmdi.
30 Toʻlqinlar jim boʻlganidan ular sevindi,
Istagan bandargohga ularni keltirib qoʻydi.
31 Sodiq sevgisi uchun ular Egamizga shukrona aytsin!
Egamizning insoniyatga koʻrsatgan ajoyib ishlari uchun shukur qilsin!
32 Ular jamoa oldida Egamizni ulugʻlasin,
Oqsoqollar yigʻinida Unga hamdu sanolar aytsin.

33 Egamiz daryolarni sahroga aylantirar,
Buloqlarni qaqragan yerga aylantirar.
34 Aholisining fosiqligi sababli
Hosildor yerlarni shoʻr yerga aylantirar.
35 Sahroni esa Egamiz koʻl qilar,
Qaqragan yerdan buloqlar chiqarar.
36 Och–yupunlarni u yerga olib kelib oʻrnashtirar.
Ular esa yashash uchun shaharlar qurar.
37 Dalalarga urugʻ ekib, uzumzorlar yaratar,
Dalalardan moʻl–koʻl hosil olar.
38 Egamizning barakasi ila ular juda koʻpayar,
Ularning chorvasi kamayishiga Egamiz yoʻl qoʻymas.

39-40 Egamiz aslzodalarni xor qildi,
Yoʻlsiz sahroda ularni sargardon qildi.
Zulm, kulfat, gʻamdan
Ularning soni kamaydi,
Ular qashshoqlashdi.
41 Yoʻqsillarni esa Egamiz kulfatdan qutqarar,
Ularning oilasini qoʻy suruviday koʻpaytirar.
42 Solihlar buni koʻrib, sevinar,
Fosiqlar esa ogʻzini yopib, jim boʻlar.

43 Donolar bularga eʼtibor bersin,
Egamizning sodiq sevgisini anglasin.