10–SANO
Ijrochilar rahbariga. Dovud sanosi.
1 Egamizda men panoh topaman,
Qanday qilib siz menga:
“Qush kabi uchib ketgin togʻlarga”, deysiz?
2 Sizlar menga:
“Qara, pokdilning yuragini panadan otmoq uchun
Qabihlar yoylarini tayyorladi,
Oʻqlarini shaylab, moʻljalga oldi.
3 Qonun oyoq osti boʻlganda,
Solih nima qila oladi?!” deb aytasiz.
4 Egamiz Oʻzining muqaddas Maʼbadidadir,
Egamizning taxti samodadir.
U insonni koʻzdan qochirmaydi,
Nigohi insonni tekshirib turadi.
5 Egamiz solihni hamda qabihni sinaydi,
Zulmni sevuvchidan U nihoyatda nafratlanadi.
6 Qabihning ustiga choʻgʻ, oltingugurt yogʻdiradi ,
Ularga ulush qilib garmselni beradi.
7 Egamiz adolatlidir, U toʻgʻri ishlarni sevadi,
Toʻgʻri yuradigan inson
Uning marhamatidan bahramand boʻladi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020