1–BOB
Isroil xalqi ilk bor roʻyxatga olinadi
1 Isroil xalqi Misr yurtini tark etib , Sinay sahrosiga kelganiga ikki yilu ikki oy boʻldi. Ikkinchi oyning birinchi kunida Egamiz Uchrashuv chodirida Musoga shunday dedi: 2-3 “Sen va Horun jamiki Isroil xalqini urugʻi, xonadoni boʻyicha sanab chiqinglar. Urushga yaroqli boʻlgan yigirma va undan yuqori yoshdagi hamma erkaklarni guruhlarga boʻlib, nomma–nom roʻyxatini tuzinglar. 4 Har bir qabiladan bittadan urugʻboshi sizlarga yordam bersin. 5 Sizlarga yordam beradigan urugʻboshilarning ismi quyidagichadir:

Ruben qabilasidan — Shaduvor oʻgʻli Elizur.
6 Shimoʻn qabilasidan — Zurishaday oʻgʻli Shalumiyol.
7 Yahudo qabilasidan — Ominadav oʻgʻli Naxshoʻn.
8 Issaxor qabilasidan — Zuvor oʻgʻli Natanil.
9 Zabulun qabilasidan — Xalon oʻgʻli Eliyob.
10 Yusuf oʻgʻli Efrayim qabilasidan — Omihud oʻgʻli Elishama.
Yusuf oʻgʻli Manashe qabilasidan — Padozur oʻgʻli Gamaliyol.
11 Benyamin qabilasidan — Gidoʻnax oʻgʻli Avidon.
12 Dan qabilasidan — Omishaday oʻgʻli Oxazar.
13 Osher qabilasidan — Oxron oʻgʻli Paxiyol.
14 Gad qabilasidan — Duvel oʻgʻli Eliasaf.
15 Naftali qabilasidan — Enan oʻgʻli Oxir.”

16 Jamoa orasidan tanlangan ana shu urugʻboshilar Isroil qabilalarining yoʻlboshchilari edi.
17-19 Muso va Horun urugʻboshilar bilan birgalikda ikkinchi oyning birinchi kunida butun jamoani yigʻishdi. Ular Isroil xalqining barcha urugʻlarini va xonadonlarini aniqlab chiqishdi. Soʻng Musoga Egamiz amr etganday, jamoaning yigirma va undan yuqori yoshdagi hamma erkaklarini nomma–nom alohida roʻyxatga olishdi. Shu tariqa Muso Sinay sahrosida Isroil xalqini sanab chiqdi.
20-21 Urugʻi va xonadoni boʻyicha nomma–nom roʻyxatga olingan, yigirma va undan yuqori yoshdagi urushga yaroqli erkaklarning soni quyidagicha edi:

Isroilning toʻngʻich oʻgʻli Ruben qabilasidan — 46.500 nafar odam,
22-23 Shimoʻn qabilasidan — 59.300 nafar odam,
24-25 Gad qabilasidan — 45.650 nafar odam,
26-27 Yahudo qabilasidan — 74.600 nafar odam,
28-29 Issaxor qabilasidan — 54.400 nafar odam,
30-31 Zabulun qabilasidan — 57.400 nafar odam,
32-33 Yusuf oʻgʻli Efrayim qabilasidan — 40.500 nafar odam,
34-35 Yusuf oʻgʻli Manashe qabilasidan — 32.200 nafar odam,
36-37 Benyamin qabilasidan — 35.400 nafar odam,
38-39 Dan qabilasidan — 62.700 nafar odam,
40-41 Osher qabilasidan — 41.500 nafar odam,
42-43 Naftali qabilasidan — 53.400 nafar odam.

44 Muso, Horun va Isroil xalqining oʻn ikki urugʻboshisi sanab chiqqan odamlar ana shular edilar. Ularning hammasi ota–bobolarining nasli boʻyicha roʻyxatga olindi. 45 Xullas, Isroil xalqining yigirma va undan yuqori yoshdagi urushga yaroqli hamma erkaklari xonadonlari boʻyicha sanalganda, 46 603.550 ta chiqdi.
47 Levi qabilasi esa bu roʻyxatga kiritilmagan edi, 48 chunki Musoga Egamiz shunday degandi: 49 “Levi qabilasini roʻyxatga kiritma, ularni Isroil xalqi bilan birga sanama. 50 Levilarga Muqaddas ahd chodirini , uning hamma ashyolarini va Chodirga tegishli boʻlgan barcha narsalarni topshir. Yoʻlga chiqqanlaringizda, levilar Chodirni va undagi hamma ashyolarni koʻtarib yursinlar. Chodirni asrab–avaylab, uning yoniga oʻz chodirlarini tiksinlar. 51 Har safar Muqaddas chodir koʻchirilganda, levilar Chodirni yigʻishsin. Qarorgoh qurganingizda esa Chodirni yana oʻrnatishsin. Chodirning yaqiniga borgan boshqa har qanday odam uchun jazo oʻlimdir. 52 Qolgan Isroil qabilalari oʻz qarorgohlarida guruh–guruh boʻlib joylashsin. 53 Isroil xalqi Mening qahr–gʻazabimga uchramasligi uchun, levilar oʻz chodirlarini Muqaddas ahd chodiri atrofida oʻrnatib, oʻsha yerda Chodirni qoʻriqlashsin.”
54 Musoga Egamiz qanday amr etgan boʻlsa, Isroil xalqi shuni qildi.