3–BOB
Quddus devori taʼmirlanadi
Qoʻy darvozasi
1 Oliy ruhoniy Eliashab qoʻli ostidagi ruhoniylar bilan ishga kirishib, Qoʻy darvozasini qaytadan qurdilar. Soʻngra darvozani Xudoga bagʻishlab, darvozaning qanotlarini oʻrnatdilar. Miyo minorasidan Xanonil minorasigacha boʻlgan devorni ham Xudoga bagʻishladilar.
2 Yerixo shahridan boʻlgan erkaklar devorning keyingi qismini qurdilar. Ulardan keyingi qismini esa Imri oʻgʻli Zakkur qurdi.
Baliq darvozasi
3 Xassano urugʻi Baliq darvozasini qurdi. Ular darvozaning yondorlarini tiklab, darvoza qanotlarini, zulfinlarini, tambalarini oʻrnatdilar.
4 Devorning undan keyingi qismida Xakkoʻzning nabirasi, Uriyoning oʻgʻli Miromoʻt taʼmirlash ishlarini olib bordi.
Keyingi qismida Mashazavilning nabirasi, Barxiyoning oʻgʻli Mashullom, undan keyingi qismida Bano oʻgʻli Zodoʻx taʼmirlash ishlarini olib bordilar.
5 Keyingi qismida Taxuva shahridan boʻlgan erkaklar taʼmirlash ishlarini olib bordilar. Lekin shahar zodagonlari qurilish nazoratchilari buyurgan ishlardan bosh tortdilar.
Yashono darvozasi
6 Posiyox oʻgʻli Yoʻxadax va Besodayax oʻgʻli Mashullom Yashono darvozasini taʼmirladilar. Ular darvozaning yondorlarini tiklab, darvoza qanotlarini, zulfinlarini, tambalarini oʻrnatdilar.
7 Devorning navbatdagi qismida Givonlik Malatiyo, Mironoʻtlik Yodoʻn, shuningdek, Givon va Mispax aholisining erkaklari taʼmirlash ishlarini olib bordilar. Mispax shahri Furot daryosining gʻarbidagi viloyatning maʼmuriy markazi edi.
8 Devorning keyingi qismida zargarlardan biri Xarhiyo oʻgʻli Uziyol taʼmirlash ishlarini olib bordi. Uning yonida attorlardan biri Xanoniyo taʼmirlash ishlarini olib bordi. Ular Quddus devorining Keng devorgacha boʻlgan qismini taʼmirladilar.
9 Devorning keyingi qismida Xur oʻgʻli Rafiyo taʼmirlash ishlarini olib bordi. Rafiyo Quddus hududining yarmini boshqaruvchi hokim edi.
10 Undan keyin Xarumaf oʻgʻli Yodiyo oʻz uyining roʻparasidagi devorni taʼmirladi.
Devorning keyingi qismida Xashavniyo oʻgʻli Xattush taʼmirlash ishlarini olib bordi.
11 Xarim oʻgʻli Malkiyo va Paxatmoʻab oʻgʻli Xashshub devorning keyingi qismini va Tandir minorasini taʼmirladilar.
12 Devorning keyingi qismida Xalloxesh oʻgʻli Shallum oʻz qizlari bilan taʼmirlash ishlarini olib bordi. Shallum Quddus hududining ikkinchi yarmini boshqaruvchi hokim edi.
Soylik darvozasi
13 Xanun boshchiligida Zonoʻvax aholisi Soylik darvozasini taʼmirladi. Ular darvozani qurib, darvozaning qanotlarini, zulfinlarini, tambalarini oʻrnatishdi, devorning ming tirsak uzunligidagi Goʻng darvozasigacha boʻlgan qismini ham taʼmirlashdi.
Goʻng darvozasi
14 Bayt–Xakerem hududining hokimi Raxav oʻgʻli Malkiyo Goʻng darvozasini taʼmirladi. U darvozani qurib, darvozaning qanotlarini, zulfinlarini, tambalarini oʻrnatdi.
Buloq darvozasi
15 Mispax hududining hokimi Xolxozi oʻgʻli Shallum Buloq darvozasini taʼmirladi. U darvozani qurib, ustini yopdi va darvozaning qanotlarini, zulfinlarini, tambalarini oʻrnatdi. Shuningdek, Siloam hovuzi yonidagi devorni ham qaytadan qurdi. Devorning bu qismi shohning bogʻidan to Dovud qalʼasidan pastga ketgan zinapoyagacha choʻzilgan edi.
16 Undan keyin Ozbuk oʻgʻli Naximiyo taʼmirlash ishlarini olib bordi. Naximiyo Bayt–Zur hududining yarmini boshqaruvchi hokim edi. U devorni Dovud qabristonining roʻparasigacha — sunʼiy hovuz va Jangchilar uyigacha boʻlgan qismini taʼmirladi.
17 Quyidagi levilar devorning keyingi bir necha qismlarini qaytadan qurdilar: Banix oʻgʻli Raxum devorning keyingi qismini qurdi.
Keylax hududining yarmini boshqaruvchi hokim Xashaviyo oʻz hududi nomidan devorning navbatdagi qismini qurdi.
18 Devorning undan keyingi qismini ularning birodarlari Xanadod oʻgʻli Binnuy boshchiligida qurishdi. Binnuy Keylax hududining ikkinchi yarmini boshqaruvchi hokim edi.
19 Keyingi qismida Mispax shahri hokimi Yeshuva oʻgʻli Eyzar taʼmirlash ishlarini olib bordi. U aslahaxonaga chiqadigan yoʻlning roʻparasidagi devorni gʻisht tirgovuchigacha boʻlgan qismini taʼmirladi.
20 Zabbay oʻgʻli Borux devorning keyingi qismini — gʻisht tirgovuchidan oliy ruhoniy Eliashabning uyi eshigigacha boʻlgan qismini taʼmirladi.
21 Xakkoʻzning nabirasi, Uriyo oʻgʻli Miromoʻt devorning keyingi qismini — Eliashab uyining eshigi roʻparasidan to uyning oxirigacha boʻlgan qismini taʼmirladi.
22 Quddus atrofida istiqomat qiladigan ruhoniylar devorning navbatdagi qismini taʼmirladilar.
23 Ulardan keyin Benyamin va Xashshub devorning oʻz uylari roʻparasidagi qismini taʼmir qildilar.
Ulardan keyin Ononiyohning nabirasi, Masiyoning oʻgʻli Ozariyo oʻz uyining roʻparasidagi qismini taʼmirladi.
24 Xanadod oʻgʻli Binnuy devorning keyingi qismini — Ozariyoning uyidan to devorning burchagidagi gʻisht tirgovuchigacha boʻlgan qismini taʼmirladi.
25 Uzay oʻgʻli Polol devorning gʻisht tirgovuchidan boshlangan qismini taʼmirladi. Devorning bu qismi soqchilar hovlisi yonidagi shohning yuqori saroy minorasi roʻparasida joylashgan edi.
Paroʻsh oʻgʻli Podiyo 26 va Ofel tepaligida istiqomat qiluvchi Maʼbad xizmatkorlari devorning keyingi qismini taʼmirladilar. Ular devorning sharq tomonidagi Suv darvozasigacha va baland minoragacha boʻlgan qismini taʼmirladilar.
27 Taxuvalik erkaklar devorning keyingi qismini taʼmirladilar. Ular baland minoraning roʻparasini to Ofel devorigacha taʼmir qildilar.
Ot darvozasi
28 Ruhoniylar guruhi devorning Ot darvozasidan tepalikka tomon ketgan qismini taʼmirladilar. Har biri oʻz uyining roʻparasini taʼmir qildi.
29 Immar oʻgʻli Zodoʻx oʻz uyining roʻparasini taʼmirladi.
Shaxaniyo oʻgʻli Shamayo devorning keyingi qismini taʼmirladi. Shaxaniyo Maʼbadning Sharqiy darvozasi darvozaboni edi.
30 Shalamiyo oʻgʻli Xanoniyo va Zalafning oltinchi oʻgʻli Xanun devorning keyingi qismini taʼmirladi.
Barxiyo oʻgʻli Mashullom oʻzining uyi roʻparasini taʼmirladi.
31 Zargarlardan biri Malkiyo devorning burchagidagi yuqori xonagacha boʻlgan qismini taʼmirladi. Maʼbad xizmatkorlarining va savdogarlarning uyi shu yerda — Nazorat darvozasi yonida joylashgan edi.
32 Devorning burchakdagi yuqori xonadan Qoʻy darvozasigacha boʻlgan qismini zargarlar va savdogarlar taʼmirladilar.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020